AGAR
Tuhmatdan yiqilsa
birorta do'stim,
men-chi xilvatlarda berkinib yotsam.
Bu ham yetmaganday ancha vaqt o'tib,
poklikdan so'ylasam,
xotira sotsam.
Yo'q, bo'lmas,
yashardim boshimni egib,
kezardim umrbod yurtma-yurt oshib.
Odamzot ko'ziga qarolmasdim tik,
ko'ksimga osilgan bo'lardi boshim.
Yo'q, yo'q, yo'q...
Albatta birga bo'lardim
tamug' malaylari ishga tushgan choq.
Do'stim-la yonma-yon turib o'lardim,
ehtimol, o'lardim undan oldinroq.
(Shavkat Rahmon)