Birozdan so‘ng kim ingrayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu odam Hishom bin Os edi va unga:
— Senga suv keltirdim, — dedi.
Hishom bu so‘zlarni «Senga yangi hayot keltirdim» - degandek tushundi. Yuziga tabassum yugurdi, lablarini ochdi. Ko‘zlaridagi minnatdorlik tuyg‘usini til bilan anglatish imkonsiz edi. Alloh taoloning: «Kofir bo‘lganlar osmonlar ham, yer ham (avvalda) yaxlit bo‘lganini, bas, Biz ularni yorib yuborganimizni va barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni ko‘rmadilarmi?! Endi ham imon keltirmaydilarmi?!» (Anbiyo surasi, 30-oyat) degan oyatini eslagan bo‘lsa kerak. Yoki «O’lyapsan, so‘nggi tilaging nima», deyilsa:
— Bir piyola suv bering, deyishiga shubha yo‘q edi. Huzayfa fursatni boy bermadi, suvdonni uning og‘ziga tutdi. Yarador lablarini cho‘zib, suvga yaqinlashdi. Biroq birdan uning lablari ham yopildi. Chunki u ham «suv», deya ingragan bir yaradorning majolsiz ovozini eshitdi. Ikki soniya avval bor-yo‘g‘ini fido qiladigan darajadagi suvni ichmaslik uchun qarshilik ko‘rsatdi. Minnat ostida qolishi mumkinligidan emas, xarom bo‘lgani uchun emas, ammo islom odobiga to‘g‘ri kelmaganligi uchun lablarini berkitgandi. Ko‘zlari bilan «Men kabi azoblanayottan dindoshimga olib bor» degandek ishora qilardi.
— Suv unga ham yetadi, ey Hishom, avval sen ich.
— Yo‘q.
Tili bilan emas, ko‘ngli bilan, ko‘zi bilan, yo‘q, demoqda edi. Yo‘q, deyolmaydigan darajada majolsiz, ammo bir piyola suv uchun dunyodagi hamma narsani berishga tayyor turgan nafasni jilovlay oladigan darajada kuchli bir insonning bu harakati Huzayfani ko‘zini yoshlatib, ko‘nglini titratdi. O’rni kelsa «yo‘q» deyishning ham fazilat ekanligini, shunday achchiq, shunday jonli tajribani hech qachon unutilmaydigan shaklda olgan edi. Tomchi-tomchi qonlari bilan qushlarni qizil rangda bo‘yayotgan bu insonlar, hatto o‘layotgan paytida ham insoniyatga ibrat berar, odamgarchilik qilishi kerakligini ko‘rsatgan holda o‘lar yoki abadiy qolardilar. Alloh roziligi uchun, hayot va o‘lim bir nuqtaga kelgan paytda chizilgan bu manzara insoniyat uchun mangulikka daxldor yodgorlik bo‘lib qolardi.
Huzayfa bu yaradorga ham so‘z uqtirolmasligini tushungan holda uchunchi yarador tomon yo‘naldi. Yonma-yon yotgan jasadlar orasidan uni topdi. Olgan jarohatlardan tanasi ilma-teshik bo‘lgan, yuzi tanib bo‘lmaydigan holga kelgandi. Ikrimaga o‘xshardi. Boshida turgan Huzayfani ko‘rganidanmi yoki aziz ruhini olish uchun kelgan malaklarni kuzatganidanmi yuzida sevinch zohir bo‘ldi. Og‘ziga to‘kilgan suv «Alloh» deya, harakatsiz qolgan lablarini ho‘lladi. Ammo bu ho‘llashning unga foydasi bo‘lmadi. Chunki so‘nggi nafas chiqarilgan Yarmuk jangini shonli shahidi Alloh huzuriga yo‘l olgandi.