10-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning «Ramazon oyida yangi oy chiqqach (ko‘ringach), ro‘za tutingiz, Shavvol oyida yangi oy chiqqach, ro‘za tutishni bas qilingiz!» deganlari haqida
Sila raziyallohu anhu: «Kimki shak kuni ro‘za tutsa, Abu-l-Qosim (Janob Rasulullohni shunday deb ham atashar erdi) sallallohu alayhi va sallam oldilarida osiy bo‘libdir!» - deganlar.
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazon haqida bunday deganlar: «Ramazon oyida yangi oy chiqqanini ko‘rmaguningizcha, ro‘za tutmangiz, Shavvol oyida ham yangi oy chiqqanini ko‘rmaguningizcha, ro‘za tutmoqni to‘xtatmangiz. Agar bulut oyni to‘sib turgan bo‘lsa, Sha’bon va Ramazon oylarini to‘liq o‘ttiz kun, deb hisoblangiz».
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deydirlar: «Sha’bon oyi yigirma to‘qqiz kun, lekin Ramazonda yangi oy chiqmaguncha ro‘za tutmangiz, agar bulut oyni to‘sgan bo‘lsa, Sha’bon oyini o‘ttiz kun qilib to‘ldirib, keyin ro‘za tutishni boshlangkz».
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Tepamizda turgan oy», deb ko‘rsatdilar-da, mana bunday, mana bunday qilib, ikki muborak qo‘llarining barmoqlarini yozib, ikki bor ishora qildilar, bu ersa yigirma sonini bildirg‘aydir. Keyin, boshmoldoqlarini tik qilib, ikkinchi qo‘llarining kafti birlan uni olib tashlagandek harakat qildilar, bu ersa, to‘qqizni bildirg‘aydir, jami yigirma to‘qqiz bo‘lur».
Ummu Salama raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir oy o‘z ayollariga yaqinlik qilmag‘ayman, deb qasam ichdilar (Shariatda bunday qasam bor, uning nomi «iylo» deyilur). Yigirma to‘qqiz kun o‘tgandan so‘ng, ayollari oldiga kirdilar. Shunda, ul kishidan: «Siz bir oy kirmag‘ayman, deb qasam ichgan erdingiz-ku!» - deb so‘raganimda, «Tepamizdagi oy yigirma to‘qqiz kundir»,- dedilar».
Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir oy o‘z ayollariga yaqinlik qilmag‘ayman, deb qasam ichdilar, o‘sha paytda muborak oyoqlari chiqqan erdi. Bir xonada yigirma to‘qqiz kun turdilar, so‘ng xonadan chiqib, ayollari oldilariga kirganlarida, «Yo Rasululloh, bir oy yaqinlik qilmag‘ayman, deb qasam ichgan erdingiz-ku!» — deb aytishdi. Shunda, Rasululloh: «Bu oy yigirma to‘qqiz kundir»,— dedilar».