Agar sen o‘simliklarning har xil bo‘lishi urug‘i va ildiz-tomirlari turlicha bo‘lishiga bog‘liq deydigan bo‘lsang, qachon bir dona danaqda xurmo shingiliga o‘ralgan xurmo mevasini ko‘rgansan? Qachon bug‘doy donida yetti boshoqdan yuz boshoq bug‘doy joy olibdi? Bundan nazaringni olib, sahro yeriga qara. Uning yuzasini ham, tagini ham izlab ko‘rgin, bir-biriga o‘xshagan tuproqdan boshqa narsaga ko‘zing tushmaydi. Agar bo‘m-bo‘sh sahro ustiga suv-yomg‘ir yog‘adigan bo‘lsa, darhol jonlanib, ko‘pchiydi va har xil tusdagi bir-biriga o‘xshaydigan yoki o‘xshamaydigan o‘t-o‘lan va ko‘katlar unib chiqadi. Har qaysisi o‘ziga xos ta’m, hid va rangga ega. Shu bilan birga, ularning adadi ko‘pligi, turlari har xilligi va shakllari xilma-xilligiga qaragin. Bundan qaytib, nabobot olamining turlari xilma-xil va foydasi ko‘p ekaniga qara. Alloh taolo juda g‘aroyib dorivor o‘simliklarni qanday yaratdi? Bu o‘simliklardan biri ozuqa bo‘lsa, biri quvvat beradi, biri jonlantirsa, biri o‘ldiradi, biri sovutadi va biri qizitadi. Biri oshqozonga tushsa, tomirlar ichidan safroni haydaydi, biri balg‘am va savdoni ko‘chiradi. Biri har ikkoviga aylanadi. Biri qonni tozalaydi, biri qonni egallab oladi, biri xursand qiladi, biri uxlatadi, biri quvvatni oshiradi va biri zaiflashtiradi.
Yerdan unib chiqqan har bir giyoh yoki o‘t-o‘landagi manfaat va foydalardan hali-hanuz odamzot to‘lig‘icha xabardor bo‘lgan emas. Bu o‘simliklarning har qaysisi dehqon parvarishi va tarbiyasiga muhtoj. Masalan, xurmo changlantirilsa, tok novdasi butaladi, ekinzor har doim xas-xashak va o‘t-o‘landan tozalab turiladi.
Ba’zi turdagi o‘simlik yerga don sepish, ba’zisi qalamcha qadash, ba’zisi payvand qilish bilan undiriladi. Agar biz o‘simlik turlari, manfaatlari, holatlari va ajoyibligini batafsil bayon etmoqchi bo‘lsak, albatta ta’riflab berishga bir inson umri kamlik qiladi. Senga har bir tur xususida fikrlashga undaydigan ozgina lavha ham kifoya qiladi. Bu esa nabatotning naqadar ajoyib ekaniga dalildir.