Tajribadan ma’lumki, quyoshga tik qarab turaverish ko‘rish qobiliyatiga ta’sir qilib, ko‘zni ishdan chiqaradi. Alloh taoloning zotiga nazar solish ham shunday bo‘lib, bundan hayrat, ajablanish va aqliy zo‘riqish vujudga keladi, xolos. Demak, Alloh subhonahu va taoloning zoti va sifati xususida fikr qilishga chuqur sho‘ng‘imaslik eng to‘g‘ri yo‘ldir. Albatta aksar aql egalari bunga toqat qila olmaydi. Ayrim ulamolar ijozat bergan had-chegara borki, buni shunday ifodalangan: Alloh taolo biron makon tutmagan, har qanday tomon va jihatlardan behojatdir. Albatta Alloh olam ichida ham emas va na undan tashqari ham emas. Ul zot na olam va borliq bilan bog‘liq va na undan uzilgan emas. Bir toifa aql egalari hayratga berilib, toqati ko‘tarmagani bois Ul zotni inkor etishgacha borib yetdi. Boshqa bir toifa bundan kamrog‘iga toqat etishga ham ojizlik qiladi. Qachonki bu toifaga U zot sizlardagidek bosh, oyoq, qo‘l, ko‘z bo‘lishdan pok va behojat, unda muayyan miqdor va hajmga ega jism ham yo‘q, deyilsa, darhol inkor etib, buni Allohning ulug‘ligi va jaloliyatini haqorat qilishdan boshqa narsa emas, deb hisoblaydilar.
Hattoki, avomdan ba’zi bir ahmoqlar: albatta bu narsa hind tarvuzining vasfi, ilohning vasfi emas deb aytadi. Bechora miskin jaloliyat va ulug‘likni ana shu a’zolar mavjudligida, deb o‘ylaydi. Bunga sabab shuki, inson faqat o‘zinigina taniydi va o‘zini katta narsaman, deb hisoblaydi. U o‘z o‘lchoviga to‘g‘ri kelmaydigan boshqa bir narsaning ulug‘ligini tasavvur qilolmaydi. Ha, u o‘zini so‘ri ustida ikki xizmatkori amriga muntazir bo‘lib turgan holda tasavvur etadi, xolos. Hattoki pashshaga fahm-farosat va aql bitib, unga: «Bilasanmi, seni yaratgan zotda na qanot, na qo‘l, na oyoq yo‘q, ustiga-ustak u ucha olmas, deb aytilsa, darhol u buni inkor etib, shunday degan bo‘lardi: «Mendagi bu narsalarga o‘zi muhtoj bo‘lgan zot qanday qilib meni yaratsin? Buni tasavvur qilish qiyin. Unda mendagidek qanot bo‘lmasa, ozgina zamon ham ucha olmaydimi yoki u mening Xoliqim va Musavvirim bo‘lsa-yu, unda menikiga o‘xshash a’zo va xususiyatlar bo‘lmaydimi?» Ko‘pchilik aql egalari Alloh xususida mana shu pashshadek fikrlaydi. Albatta inson o‘ta johil, zolim va kofirdir. Shuning uchun Alloh taolo anbiyolardan biriga vahiy yuborib dedi: «Bandamga mening sifatim xabarini berma. Chunki ular meni inqor etadilar. Ammo sen ular fahmlaydigan darajada xabar ber».