8-bob. Topilma, garchi egasi bir yildan keyin kelsa ham, qaytarib berilur, chunki u yo‘qotgan kishining topib olgan kishidagi omonatidur!
Bu yerda 1-bobdagi hadis takrorlangan.
9-bob. Kishi topilmani uvol bo‘lmasin, biror vijdonsiz odamning qo‘liga tushmasin, deb olib quysa, joizmi?
Suvayd ibn G’afla rivoyat qiladilar: «Men Salmon ibn Rabiy’a va Zayd ibn Savhon birlan birga g‘azotda erdim. Shunda bir qamchi topib olib edim, hamrohlarimdan biri menga: «Uni tashlab yubor!» — dedi. Men: «Yo‘q, tashlamayman, egasi topilsa, qaytarib beraman, aks holda o‘zim ishlatib yuraveraman», — dedim. So‘ng, biz Madinaga qaytib kelganimizda topib olingan narsa xususida tortishib qoldik. Shul bois men Ubay ibn Ka’bdan topilma haqida so‘radim. Ubay ibn Ka’b bunday deb javob qildilar: «Bir kuni men Janob Rasulullohning davrlarida ichida yuz dinor puli bor hamyon topib olib, uni ul zotning huzurlariga olib bordim. Janob Rasululloh: «Buni topib olganing haqida bir yil davomida 1 ma’lum qil!» — dedilar. Men uni topib olganim haqida bir yil davomida ma’lum qildim. So‘ng, ul zotning huzurlariga bordim. Ul zot (yana): «Uni topib olganing haqida bir yil davomida ma’lum qil!» — dedilar. Men (yana) bir yil davomida uni ma’lum qildim. Keyin, (yana) ul zotning huzurlariga bordim. Ul zot (yana): «Uni bir yil davomida ma’lum qil!» — dedilar. Men (yana) bir yil davomida uni ma’lum qildim. So‘ng, ul zotning huzurlariga to‘rtinchi marta bordim. Shunda ul zot: «Uning ichidagi pulning qanchaligini, xaltasi va bog‘ichining qandayligini eslab qol, agar egasi kelsa, qaytarib ber, aks holda undan o‘zing foydalanaver!» — dedilar».
Salama (yuqoridagi hadis xususida) bunday deydilar: «Keyin, men Ubay ibn Ka’bni Makkada uchratdim. U menga: «Topilmani uch yil davomida e’lon qilib turadimi yo bir yil davomidami, buni bilmayman» — deb aytdi».