«Yo tavba! — dedi Botir firqa. — Tushimmi yo o‘ngimmi? Nima balo, qayta quruvchilar meni esimni kiritib qo‘yish uchun shunday tashkil etyaptimikin? Qayta quruvchilardan keladi. Juvonmarg bo‘lgur qayta quruvchilardan har balo keladi».
Botir firqa alang-jalang bo‘ldi. Sinchkov-sinchkov alangladi. Diqqat-e’tibor bilan alangladi.
Yo‘q, bu yaqinda qayta quruvchi suvratlar yo‘q. Yo‘q, bu yaqinda shariatpeshvo siymolar yo‘q.
Botir firqa xotirjam bo‘ldi. Ung tirsagini skameyka ustiga tiradi. Yuzini o‘ng kaftiga qo‘ydi. Do‘mboq muslimalarga o‘ychan tikilib qoldi. Ma’yus tikilib qoldi.
«Shularni yoshi, bo‘lsa, besh-oltilarda. Kechagina tug‘ilgan qizaloqlar, — dedi Botir firqa. — Aftidan, bular hali maktabniyam ko‘rmagan. Bular hali burniniyam artib olmagan. Nega endi, aynan shu bugun... shular ko‘zimga ko‘rinyapti?»
Botir firqa o‘ylab qoldi. Go‘yo, tush ko‘rdi. Go‘yo, dunyoni endi ko‘rdi. Go‘yo... bir baloga yo‘liqtsi!
Qomatini xiyol rostladi. Tomog‘ini qirdi. Boshini uyoq-buyoqqa qimirlatdi. O’ta jiddiy bo‘ldi. Endi, partiyaviy o‘yladi. Partiyaviy fikrladi:
«Menimcha, bunday jajji muslimalarni ko‘p ko‘rgan bo‘lishim kerak. Ammo-lekin rahbarlik fe’lim qo‘zib... mayda-mayda odamchalarga e’tibor bermagan bo‘lishim kerak. Rahbarlik dimog‘im qo‘ymay... oyoq ostida o‘ralashib yurgan muslimachalarga qayrilib qaramagan bo‘lishim kerak. Yana-tag‘in, keksalik... bemalolxo‘jaligim ham qo‘shilib, go‘dak muslimalarga diqqat etmagan bo‘lishim kerak».
Botir firqa jajji muslimalar bilan so‘rashmoqchi bo‘ldi.