107. Agar Alloh Sizga biror zarar yetkazsa, bas, Uning O'zidan boshqa uni ketkazadigan (kuch) yo'qdir. Agar Sizga biror yaxshilik (yetkazish)ni istasa, Uning fazlini qaytaruvchi (kuch) ham yo'qdir. Bandalaridan xohlaganiga uni (fazlini) yetkazur. U kechirimli va rahmlidir".
108. Ayting: "Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan haqiqat (Qur'on yoki Payg'ambar) keldi. Bas, kimki hidoyat yo'liga kirsa, faqat o'zi uchun hidoyat yo'liga kirgan bo'ladi. Kimki yanglishsa, bas, o'zining zarariga yanglishgan bo'ladi. Men sizlarga vakil (muakkal) emasman".
109. Sizga vahiy etilgan narsaga ergashing va to Alloh hukm qilgunicha sabr qiling! Albatta, U hukm qiluvchilarning yaxshisidir.HUD SURASIHud - payg'ambar nomi.
Sura Od qabilasiga yuborilgan payg'ambar Hud (a.s.) nomi bilan atalgan. Unda tavhid, imon, islom, shariat ahkomlari, payg'ambarlar qissasi, Qur'oni karim vasfi va boshqa ma'lumotlar ilohiy oyatlar orqali bayon etilgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Alif, Lom, Ro. (Bu) oyatlari mustahkam (qat'iy) qilingan, so'ngra Hakimu Dono bo'lmish zot tomonidan batafsil bayon etilgan Kitobdir.
2. (Qisqacha bayoni esa): "Allohdan o'zgaga aslo sig'inmangizlar!" (degan xitobdir). Albatta, men (Muhammad) Uning nomidan ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchidirman.
3. (Alloh buyuradiki), Rabbingizdan mag'firat (kechirim) so'rangizlar, so'ngra Unga tavba qilingizlar, shunda (U) sizlarni ma'lum muddat (ajallaringiz oxiri)gacha chiroyli bahra bilan bahramand qilur va har bir fazlli (karamli, saxiy) kishiga O'z fazlini ato etur. Agar yuz o'girsangizlar, bas, men sizlarga Ulug' kun (qiyomat) azobi (yetishi)dan qo'rqaman.
4. Qaytish joyingiz Allohning huzuridir. U esa har narsaga qodirdir.
5. Ogoh bo'lingizki, albatta, ular (kofirlar sirlarini) Undan maxfiy tutish uchun ko'kraklarini (boshqa tomonga) buradilar. Ogoh bo'lsinlarki, kiyimlariga o'ranib olganlarida ham (Alloh) yashirgan va oshkor qilgan narsalarini bilur. Albatta, U ko'krak (dil)lardagi sirlarni bilimdonidir.