AJABTOVUR QONUN
Bundan bir necha asrlar muqaddam dunyodagi deyarli barcha ayollar muntazam ravishda foydalanadigan kosmetika, ya’ni pardoz-andoz to‘g‘risida qonun qabul qilingan ekan. Ushbu qonun XVII asrning boshida Britaniya parlamenti tomonidan qabul qilingan bo‘lib, unda shunday deyilgan: «Ayollarning pardoz-andozdan foydalanishi qat’iyan man etiladi». Ushbu qonun e’lon qilinganidan keyin Angliya qirolining biror fuqarosini pardoz-andoz, upa-elik, sun’iy tish, baland poshna va shu kabilar bilan qiziqtirib, o‘ziga maftun qilgan hamda uylanishga ko‘ndirgan ayollarning hammasi, qanday tabaqaga mansubligidan qat’i nazar, jodugar va shu kabi boshqa jinoyatchilar qatori jazoga tortiladi hamda ayblov hukmi chiqarilgandan keyin bunday nikohlar bekor qilingan hisoblanadi». Upa-elik ishlatadigan ayolga nisbatan bunday o‘ta qattiqqo‘llik tarixda juda kam uchraydigan holdir. Biroq bu qonun chiqishidan oldin ham, keyin ham ayollar «jalb etish» vositalaridan foydalanaverganlar. Bundan 4000 yil muqaddam misrliklar ko‘p miqdorda xushbo‘y maylar va yuzga surtiladigan har xil bo‘yoqlar olish sirini bilganlar. Rimdagi oliy tabaqaga mansub nazokatli xonimlar qosh bo‘yog‘i sifatida chumolining kuydirilgan tuxumidan, lab bo‘yog‘i sifatida esa simob sulfiddan tayyorlangan bo‘yoq, surik deb ataladigan qizg‘ish-jigarrang bo‘yoq, hatto timsoh axlati aralashtirilgan qo‘rg‘oshindan ham foydalanishgan. Rimliklar yuzi va badanini xayolga ham kelmaydigan bo‘yoqlar bilan bezashgan.
Rim hukumati ag‘darilgandan keyin kosmetika san’ati uzoq vaqtlargacha unutilib, XII asrda yangidan kelib chiqadi.
XVI asr oxiri — Genrix III davri Frantsiyada pardoz-andoz va upa-elikdan foydalanishda erkaklar ayollardan qolishmagan. Lyudovik XV davrida ham shunday bo‘lgan.