Sabrli Moriya
Chaqaloqning tug‘ilishi mo‘minlar onalarining ayrimlarida rashk tuyg‘ularining kuchayishiga turtki bo‘ldi.
Oxir-oqibat Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) :
— Moriyani nafsimga harom qildim, — deyishga ham majbur bo‘ldilar.
Moriya bu so‘zdan ranjimadi, aksincha sabr qildi. Shunda Alloh taoloning ushbu oyati nozil bo‘ldi:
"Ey payg‘ambar, nega snz juftlaringaz roziligani istab, Alloh siz uchun halol qilgan narsani (o‘zingizga) harom qilib olursiz?! Alloh mag‘firatli, mehribondir" (Tahrim, 1).
* * *
Tasalli, umid va sevinch bulog‘i bo‘lgan chaqaloq Ibrohim Hazrati Moriyaning uyida o‘n olti oy yashadi.
Bir yarim yoshli jajji Ibrohim yomon bir dardga chalindi. Onasi Moriya va xolasi Sirin uni mehr bilan parvarish qildilar. Ammo kasallik uni tark etmadi. Nihoyat, yuzida o‘lim ko‘lankasi ko‘rina boshladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) juda qayg‘urdilar. Avval his qilmagani bir siqinti yuraklarini og‘ritdi. Behol bo‘lishlariga qaramay, ashobdan bir kishiga suyanib, Moriyaning uyiga keldilar.
Ibrohim yig‘layotgan Moriyaning quchog‘ida so‘nggi nafaslarini olayotgan edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shafqat bilan uni qo‘llariga oldilar. Muztarib qalblarini tinchlantirish uchun uni bag‘irlariga bosdilar:
"Yo Ibrohim, biz sening Alloh taolo huzuriga ketishingga hech qanday to‘siq bo‘lolmaymiz", dedilar va ko‘zlaridan yosh oqa boshladi. Moriya o‘zini tutolmay, faryod cheqdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uni to‘xtatmadilar. Quchoqlaridagi jigarporalariga qaradilar. U unsiz va harakatsiz edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) :
"Yo Ibrohim, agar bu haqiqiy ish, to‘g‘ri va’da bo‘lmaganida va bizdan keyin kelganlar oldin kelganlardan o‘rnak olmaganida, senga bundan ham alamliroq shaklda qayg‘urar edik", deb marhamat qildilar.
Bu so‘zlar bechora Moriyaga bir oz tasalli bergandek bo‘ldi. U ko‘z yoshlarini artdi va shunday dedi:
"Ko‘z qaynoq yosh oqizadi, qalb qayg‘uradi. Ammo biz Alloh taoloni xushnud etuvchi so‘zdan boshqasini aytmaymiz. Yo Ibrohim, biz sening o‘limingga chindan ham juda-juda qayg‘uryapmiz...".
* * *
Baqi’ qabristoniga bordilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) janoza namozini o‘qidilar va Ibrohim shu yerga dafn etildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir necha soniya qabr tepasida turdilar. Bo‘g‘izlaridan chiqayotgan so‘zlarni zo‘rg‘a talqin qildilar:
"Rabbim Alloh, otam Rasululloh, dinim Islom...», degin".