Fitr sadaqasi
— Fitr sadaqasi qanaqa sadaqadir?
— Ramazon oyidan keyin fitr hayiti kunida beriladigan sadaqadir.
— Fitr sadaqasi berish qanday kishilarga vojib?
— Shariatda boy deb hisob qilinadigan kishilarga vojib bo’ladi.
— Qancha moli bo’lgan kishilar shariatda boy hisoblanadi?
— O’z hojatidan ortiq kumush nisob miqdoricha (ya’ni, o’ttiz so’m va undan ziyoda) moli bo’lgan kishi boy hisob qilinadi.
— Shuncha moli bo’lgan kishi sadaqa olsa bo’ladimi?
— Durust bo’lmaydi, haromdir. Unday kishiga berilgan zakot, ushur, fitr sadaqasi, fidya va boshqa sadaqalar hech qaysisi sadaqadan hisob qilinmaydi.
— O’z hojatidan ziyoda o’ttiz so’m miqdoricha moli bo’lmagan kishiga fitr sadaqasi berish vojib bo’ladimi?
— Vojib bo’lmaydi, lekin agar bersa, savobsiz qolmaydi.
— Faqir kishilarga ham fitr sadaqasi berish vojib, deyish durustmi?
— Durust emas. Sadaqa berish vojib, degan kishi zo’r gunohkor bo’ladi. Go’yo shariatga xiyonat qilgan hisoblanadi.
— Fitr sadaqasini bir kishi faqat o’zi uchungina beradimi yoki o’ziga qarashli boshqa kishilar uchun ham berishi vojibmi?
— O’zi uchun ham va yosh bolalari uchun ham berishi vojibdir.
— Xotini uchun, katta yoshdagi bolalari uchun, mollik sabiy yosh bolalari uchun fitr sadaqasini berish vojib bo’ladimi?
— Vojib bo’lmaydi. Agar boy bo’lsalar, ularning o’z gardanlariga vojib bo’ladi.
— Agar bir kishi xotini, katta yoshdagi bolalari va mollik sabiy yosh bolalari, xizmatkorlari uchun fitr sadaqasini o’zi bersa, durust bo’ladimi?
— Albatta, durust bo’ladi.
— Fitr sadaqasini qaysi vaqtda berish vojib bo’ladi?
— Ramazon o’tgandan so’ng, hayit kuni tong otgach, berish vojib bo’ladi.
— Qaysi vaqtda bersa, savobliroq bo’ladi?
— Fitr hayiti kuni hayit namozi o’qilmasdan ilgari berish savobliroqdir.
— Agar bir kishi fitr sadaqasini hayit namozini o’qiguncha ado qilolmasa, u kishi nima qiladi?
— Hayit namozini o’qigandan so’ng beradi, bermasdan qoldirmaydi.
— Hayit kuni bo’lguncha ramazon ichida fitr sadaqasini berib qo’yish durust bo’ladimi?
— Durust bo’ladi.
— Fitr sadaqasi qanday kishilarga beriladi?
— Zakot beriladigan faqir kishilarga.
— Har bir kishi uchun fitr sadaqasining miqdori qancha?
— Har bir kishi yarim so’ bug’doy yoki bir so’ arpa yoki yarim so’ xurmo yoki bir so’ mayiz berishi vojib bo’ladi.
— «So’» qanchaga teng keladigan o’lchovdir?
— Sakkiz yuz yigirma sakkiz misqol, ya’ni sakkiz qadoq miqdoricha bug’doy sig’adigan o’lchovdir.
— Yarim so’ bug’doy necha misqol bo’ladi?
— Uch yuz oltmish to’rt misqol bo’ladi.
— Bug’doy, arpa, xurmo, mayiz o’rniga baholari barobar aqcha bersa bo’ladimi?
— Bo’ladi. Hatto, faqirlarga foydaliroq bo’ladi.
— Bir necha kishi fitr sadaqasini to’plab birdan bersa, durust bo’ladimi?
— Durust bo’ladi, lekin shunday bo’lsa ham, har kishi sadaqasini o’z nomiga atab bergani afzaldir.