Ba’zi johillar bu vus’atni (kengchilikni) anglamay, ehtiyotni tark qilg‘on kishidin o‘zini ziyoda tutarlar, ota, onasi va yo birodari oftoba va ibriqini (suv idishini) tutsa, qo‘pol, dag‘al so‘z birla ko‘ngluni og‘riturlar. Bas, nechuk ravo bo‘lg‘aykim, bir extiyotning sababidan musulmonning ko‘nglini og‘ritur? Va aksar xalqkim, tahorat ehtiyotlarini bajo keltirgandin keyin ular dimog‘ida kibr, havo paydo bo‘lur va xalqg‘a minnat qo‘yarlar, o‘zlarini pok deb g‘urur qilurlar. Va hamma xalqdan o‘zlarini fozil va baland tutarlar. Bas, sahoba roziyallohu taolo anhum ajm’ain tariqatlarini qo‘ldin bermagil. Sababi halokatdur.
Beshinchi shart. Vaqtiki tahorat ehtiyotlarini bajo kelturib, yemak-ichmak, so‘zlamak va kiymak ehtiyotlarini bajo kelturmasa, ma’lumdurki tahoratda qilg‘on ehtiyotlari riyo va ruunat va yo olatdandir. Chunonchi to‘yg‘ondin keyin taom yemak makruhdur. Odam to‘yganidan keyin yana taom yesa, to qo‘li va og‘zini yuvmaguncha namoz o‘qimoq makruhdur.
Bas, bu qavm munchalikni bilmaslarki, har nimarsaki makruxdur, ani yemak haromdur. Agar makruhligini bilsalar, bezarurat nima uchun yerlar? Va agar pok deb aqida qilsalar, qo‘l va og‘izlarini nima uchun yuvarlar? Ba’zilar oddiy xalq o‘ltirgan uyda namoz o‘tamaslar. Xalq pishurgan taomni nima uchun yerlar? Bas, bu ishlarda ehtiyot qilish siddiqning nishonasi emasdur.
Oltinchi shart. Ehtiyot qiladurman deb munkarotga (ko‘pchilikning munkirligi, rad etipshga) sabab bo‘ladi.
Chunonchi tahoratda uch bor yuvilur a’zolarni uchdin ziyoda, to‘rtinchi marta yuvmoqdan qaytaribdurlar. Tahoratning suvini ko‘p quyib isrof qilish va yo imom bo‘lsa namozni kechiktirib o‘qish makruhdur. Va yo joynamozini qing‘ir-qiyshiq solib o‘tirur. Bu ishda uch makruhlik bordur: avval ulki, masjiddagi musulmonlardan g‘azab qilg‘on bo‘lur. Aslida masjidda har namoz o‘taguvchining bir joynamozli yerdan ziyoda haqi yo‘qdur. Ikkinchi, makruhlik yerni ko‘p egallasa saf muttasil va payvasta bo‘lmas. Sunnat ulki, safda yondoshib o‘lturgan kishi kiftini bir-birig‘a yetkurub barobar turgay. Uchunchidan, musulmondan qochmoq, uzoqlashmoq makruhdur. Bas, so‘fiy johillar ehtiyot qilurmiz deb bu nav’ harom ishlarga mashg‘ul bo‘lurlar. Ammo o‘zlarining xabarlari bo‘lmas.