BALAND BO’LMAGAN OVOZ, TANHO VA QALBAN DUO QILISH
Hayotingizdagi eng qiyin va mashaqqatli onlarda, Allohga duo qilish ehtiyoji yanada kuchayganda, duo qilish uchun qanday sharoit ixtiyor qilganingizni eslay olasizmi? Xoynahoy oqshom boshingizni yostiqqa qo‘yib yulduzli osmonga tikilgan kuyi uning cheksiz-chegarasiz ekanligini tafakkur qilgan holda, yoki Alloh bilan yuzma-yuz qolish imkoni bo‘lgan sokin, kimsasiz bir joyni tanlagan bo‘lsangiz kerak. Ibodat asnosida ma’naviy huzur asosan yolg‘iz qolganda, hech kim bilmagan vaqtda, Alloh bilan tanho, yuzma-yuz bo‘lganda seziladi. Xato va gunohlari uchun mag‘firat, ehtiyojlarining qondirilishi uchun duo qilayotgan inson albatta, yolg‘iz holda duo qilishni tanlaydi. Bunga bir misol Zakariyo alayhissalomning duosidir. Qur’onda uning Allohdan naslini davom ettiradigan voris istab yashirincha qilgan duosi shunday bayon qilingan:
«U Robbiga maxfiy nido qilgan chog‘ini esla. U: «Ey Robbim, mening suyaklarim mo‘rtlashdi, boshga oq tutashdi, ey Robbim, senga duo qilish-la badbaxt bo‘lmaganman» (« Maryam», 3-4).
Duoning qabul bo‘lish sabablaridan biri Allohga yuzlanuvchining kuchli, hamma narsaga qodir, hamma narsadan ogoh Zot qarshisida o‘zini past tutib, iltijo qilishdir. Zotan samimiy mo‘min xoh duo, xoh namoz, xoh ro‘za, xoh boshqa ibodat bo‘lsin o‘zini Allohning oldida ojiz, haqir sanab U Zotga qo‘rquv va umid bilan duo qiladi. Qur’onda mo‘minlarga duo qilish odobi to‘g‘risida quyidagi tarzda ta’lim berilgan:
«Robbingizga tazarru’ ila maxfiy duo qiling. Zotan, U haddan oshguvchilarni sevmas» («A’rof», 55).
«Robbingni ertayu kech ichingda tazarru’-la, qo‘rqib, ovoz chiqarib gapirmay zikr qil va g‘ofillardan bo‘lma. Robbing huzuridagilar, albatta, Uning ibodatidan mutakabbirlik qilmaslar"¦» («A’rof», 205-206).