Mo‘minlarning o‘zaro g‘amxo‘rliklari, bir-birlariga yaxshilik qilish uchun astoydil harakat qilishlari Qur’onning boshqa oyatida shunday vasf qilingan:
«Mo‘min erkaklar va mo‘mina ayollar bir-birlariga do‘stdirlar. Ular yaxshilikka buyururlar, yomonlikdan qaytarurlar, namozni to‘kis ado eturlar, zakotni berurlar hamda Allohga va Uning Rasuliga itoat qilurlar. Ana o‘shalarga Alloh tezda rahim qilur. Albatta, Alloh g‘olib va hikmatli Zotdir» («Tavba», 71).
Mo‘minlarning o‘zaro g‘amxo‘rliklari albatta, ularning duolarida ham o‘z ifodasini topgan. Eng avvalo e’tiborni jalb etadigan narsa Qur’onda bayon qilingan, mo‘minlar tilidan qilingan duolarda Allohga «men» emas, «biz» deb ko‘pchilik uchun iltijo qilinganini ko‘ramiz. Ya’ni Allohga yuzlangan mo‘min faqat o‘zi uchun duo qilmaydi. Albatta, faqat o‘zi uchun duo qilish kerak bo‘lgan holatlar ham bo‘ladi. Lekin o‘z istaklari bilan yonma-yon boshqa mo‘minlar uchun ham duo qilib, Allohdan yordam so‘rash Qur’onda ibrat qilib ko‘rsatilgan fazilatdir. Quyidagi oyatlarda ulardan namuna ko‘rsatilgan:
«Ey Robbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, (iqobga) tutmagin. Ey Robbimiz, bizdan oldingilarga yuklaganga o‘xshash og‘irlikni bizga yuklamagin. Ey Robbimiz, bizga toqatimiz yetmaydigan narsani yuklamagin. Bizni afv et, mag‘firat qil va rahim et. Sen Xojamizsan. Bas, kofir qavmlarga bizni g‘olib qil» («Baqara», 286 ).
«Ey Robbimiz, bizni hidoyat qilganingdan so‘ng qalblarimizni og‘dirmagin va bizga O’z huzuringdan rahmat ato qilgin. Albatta, Sening o‘zing ko‘plab ato qiluvchisan» («Oli Imron», 8).
«Robbimiz, albatta, biz iymon keltirdik. Bizning gunohlarimizni mag‘firat qilgin va do‘zax azobidan saqlagin» («Oli Imron», 16).