Mahmud Yo’ldoshev
Katta tasbeh
Ogoh bo‘l hamisha, bu jahondir bor-yo‘q,
hech narsa yo‘q unda, kemtigi zinhor yo‘q.
Yo‘q desalar, bor, deb uni qil isbot,
Bor desalar, ayla dadil inkor: "œYo‘q!"
Najmiddin Kubro
So‘z
Uzoq o‘tmishdan bir gap ochsang, muzday,
Lojuvard osmonning tagi qop-qora.
Dunyo suvdan chiqqan bokira qizday,
U — hayot, hayotga intilar hamma.
Shu hayot lazzati bizga joziba,
Lazzat deb hammani qon qilar amir.
Hayot lazzati deb aslin olganda,
Kurashga chiqadi har neki kabir.
Bu sirlar hammaga ayon bo‘lsa ham,
Jahon savdosidan gap ochar shayton.
Inkorni boshlabon Iso Masihdan,
"œAnal-haq" deydi-da yutadi iymon.
Siz va men dunyoga kelishim uchun,
Kattalar mehridan kerak bir tugun,
Ular bergan ruhdan borman men bugun.
SUVON SOQIYGA IKKI SHE’R
Kecha tunda negadir Suvon Soqiyning
she’rlarini olib o‘qidim. Ertalab gazetada
to‘satdan ta’ziyasiga ko‘zim tushdi. Kechqurun kelib pinakka ketibman, tushimda namoz o‘qiyotgan paytimda uyqonib o‘rnimdan
turdim. Joyi jannatdan bo‘lsin.
"œBanoras to‘n kiyib, gul tutar bahor.."
Suvon Soqiy
1
Gullar tilga kirdi, aylanar gardun,
Manfur odamlardan arimas dunyo.
Kimdir to‘kib solar qalbdagi dardin,
Boshqasi saroyu oltinga oshno.
Ruhingni yod etib yuragim sezdi,
Tunda ash’orlaring qildim qiroat.
Tong-sahar zaminda ilk quyosh kezdi,
Ta’ziyang eshitdim, bu ne sinoat?
She’r ahli gadolik ramzidir, aytding,
Alqissa, borliging bilardim ustoz.
Sen boqiy dunyoga yugurib qaytding,
Tushimda nomingga o‘qirdim namoz.
17.III.06. 18.III.