Ba’zi jaridalar katta savdogarlardan bo‘lgan Ahmadbek Solihov hukumat doiralariga murojaat qilgani va bolsheviklar Mushafni musulmonlarga qaytarib berishga rozi bo‘lganliklari haqida maqolalar e’lon qildilar.
Dog‘iston Islomiy jaridasi o‘zining 1335 y. h. 31-sonida «Usmon Mushafi Petrogardda» degan sarlavha ostida bir maqola chop qildi. Maqoladan quyida parcha keltirishni maqsadga muvofiq deb topdik:
"œAbu Ubaydulloh bin Salom o‘zining «Al-qiroat» kitobida naql qiladikim: "œMen amirlar xazinasidan chiqqan va aytishlaricha Imomi Usmon (r.a.)ning Mushaflari bo‘lmish Mushafni ko‘rdim. Hazrati Imom Usmon uning tepasida shahid bo‘lganlar, deyishadi va men uning ba’zi joylarida qon izlarini ko‘rdim".
O’sha tepasida hazrati Usmon shahid bo‘lgan Mushaf Peterburgdagi Mushaf ekanligini inkor etuvchilar bor. Hofiz Saxoviy o‘z kitoblarida: "œImomi Molikning: "œU (ya’ni, bosh Mushaf) g‘oyib bo‘lgan" deb aytgan rivoyatlaridan bosh Mushaf butunlay mavjud emas, degan ma’no chiqmaydi. Chunki, g‘oyib bo‘lgan narsa ertami-kechmi topilishi va yuzaga chiqishi mumkin", — deydilar. Xuddi shu rivoyatni dalil qilib olgan Abu Ja’far An-Nahos esa Saxoviyning bu fikriga qarshi chiqadi. Bizningcha Saxoviyning fikri haqiqatga yaqinroq. Abu Ubaydulloh ham bu xuddi o‘sha Mushaf, deb jazm qilib aytganlari yo‘q, balki, aytishlaricha, tepasida Imomi Usmon shahid bo‘lgan Mushafni ko‘rdim, deganlar. "œAytishlaricha" deyilgani "œbu o‘sha" degan ma’noni bildirmaydi. Undan tashqari, Usmon Mushaflarining boshqa nusxalari to‘g‘risida ham "œbu xuddi o‘sha tepasida hazrati Usmon shahid bo‘lgan Mushaf" deb da’vo qilinadi va hammasida ham qon izlari bor. Vaholanki, xalifa Usmonning o‘zlariga xos Mushaf yagona bo‘lgan. Ruslar Samarqandni ishg‘ol qilganlarida bu Mushafni qo‘lga kiritdilar. Aytishlaricha, bu xuddi o‘sha Bosh Mushaf emish. Shuning uchun ruslar unga katta e’tibor berdilar va tantana, dabdaba bilan Peterburgga olib kelib, imperator kutubxonasiga qo‘yib, bu to‘g‘rida dunyoga jar soldilar. Lekin uning "œxuddi o‘sha Bosh Mushaf" ekanligiga hech kim kafolat bera olmaydi va Samarqand ahli aytgan rivoyat va Mushafdagi qon izlaridan boshqa aniq dalil ham yo‘q. Qon izlari yasama bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas. Samarqand ahlining rivoyati esa bunga na ijobiy dalil bo‘la oladi va na uni rad qila oladi. Qozon ulamolaridan Marjoniy uning Bosh Mushaf ekanligini rad qildi va buning isboti o‘laroq "œva lota hina manos" ( qutilish vaqti emas edi) so‘zi Bosh Musxafda mana bunday —"œva lotahina" shaklida qo‘shib yozilgan va so‘zning boshi satrning oxirida va qolgani esa ikkinchi satrning boshida bo‘lgan, degan rivoyatni keltiradi. Peterburgdagi nusxada esa unday emas.
Barzanjiy o‘zining "œNuzhatun-nozirin" kitobida: "œHazrati Usmon (r.a.) bir rivoyatda to‘rtta, ikkinchi rivoyatda beshta, yana bir rivoyatda yettita nusxa oldirganlar"— deydi. Hozirgi paytda Makka, Madina, Qohira va Petrogradda to‘rtta nusxa mavjud va ularning hammasida qon izlari bor. Bundan kelib chiqadiki, boshqa nusxalarga, Bosh Mushafga o‘xshatish maqsadida qon izlari ataylab tushirilgan. Nima bo‘lganda ham, odamlar Peterograddagi nusxani xuddi o‘sha Bosh Mushaf deb e’tiqod qiladilar va unga juda katta ahamiyat beradilar. Xuddi shu sababga ko‘ra Bokuda tashkil topgan Islomiy osor-atiqalar boshqarmasi Moskvadagi (Petrograd bo‘lsa kerak) «Islom sho‘rosi» raisiga telegramma yo‘llab, Petrograd xatar ostida bo‘lganligi uchun sho‘ro tarafidan Mushafni mazkur kutubxonadan olib chiqishga harakat qilish va uni amniyat idoralariga qo‘yishni iltimos qiladi. Mushafning taqdiri nima bo‘lishi faqat Alloh taologa ayon. Ruslar Mushafni mazkur kutubxonadan olinishiga rozi bo‘larmikanlar?" (Maqola tugadi.)