— O’t yoqing, o’g’lim, — dedilar otam.
Hayron bo’ldim.
— Bugun Kumushbibini ikkalamiz dafn etamiz, — dedilar.
O’t yoqildi. «O’tkan kunlar» kuydirildi. Otam yig’lab turib uzoq tilovat qildilar. Oyati karimaning ajr-savoblari romanning qadrdon qahramonlari, yana kimlarningdir ruhi pok¬lariga bag’ishlandi.
— Abdug’afur, men tengi avlod ruh-ruhiga «O’tkan kunlar», «Kecha va kunduz», «Sarob» singib ketgan. Ehtimol, menga bergan o’sha kitobingiz zo’rdir. Lekin men «farg’onachi» so’zidan keyin asarni o’qiy olmadim. Uzr. Qariyapman shekilli...
Haqiqatan ham, Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Oybek, Abdulla Qahhorlar XX asr kitobxoni ruhiga singib ketdi, didini shakllantirdi. Tog’ay Murod, Murod Muhammad Do’st, Xayriddin Sulton, Erkin A’zam singari ijodkorlar esa o’zbek nas¬riga yangi uslub olib kirdilar, hayotni yangi nuqtalardan turib tasvirlay boshladilar. Lekin ular Abdulla Qodiriylar uslubiga zid bormadilar. Aksincha, yangi nasr an’anasini yangi asr bo’sag’asida boyitdilar, unga ijodiy yondashdilar. Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romanidagi ilk jumla, birinchi bobdagi «ketmon» so’zi ko’p narsalarni eslatadi. Abdulla Qodiriy «Obid ketmon» qissasini yozdi. Ketmon — ajoyib ramz. Bolta chopadi, tesha yo’nadi, o’roq o’radi, bolg’a uradi. Ketmon yerga botadi. U odam bilan yerni bog’laydi. Ketmon — yaratish, undirish, ko’kartirish, elni to’ydirish ramzi. Ketmon tutgan qo’llar hech qachon xor-zor bo’lmaydi. Ketmon nafaqat qo’lni pishitadi, tadbirkorlikni o’rgatadi, yer ilmini o’zlashtirishga undaydi. Tog’ay Murodning Jamoliddin ketmoni Obid ketmonning boshqa muhit, boshqa sharoitdagi timsoli. Jamoliddin ham, mulla Obid ham bosiq, vazmin, ko’p ishlab, kam gapiradigan odamlar. Lekin har ikkisining imoni butun, e’tiqodi po’latday mustahkam. Jamoliddin ketmon sarson-sargardonlikni boshidan kechirdi, ammo tuzum taz¬yiqi¬ni, ijtimoiy muhit zug’umini ko’rmasdan o’tib ketdi. Aqrab Jamoliddin o’g’li ham ruhan, ham jisman ezildi: qaramlik azobini, tutqunlik xo’rligini boshidan kechirdi. Dehqonqul Aqrab o’g’li, Jamoliddin nabirasi shaxs sifatida sindi, tuzum, mafkura tutquniga aylandi. Ayrimlar «Otamdan qolgan dalalar»ning roman ekanligiga ishonmaydilar. Menimcha, Tog’ay Murodning bu asari haqiqiy roman. Yirik asarda voqealar tasviri, qahramonlarning harakat maydoni asos hisoblanmaydi. San’atkorning voqea-hodisaga kontseptual-falsafiy munosabati hal qiluvchi rol o’ynaydi. Tog’ay Murod ixchamgina romanida mustamlakachilikning boshlanishi, uning turli ko’rinishlari haqida ishonarli taassurot qoldiradi. Asarda erkin inson, tutqun shaxs, o’zligidan mahrum etilgan uch avlod taqdiri tasvirlanadi. E’tibor bering, Dehqonqul Jamoliddin buvasi, Aqrab otasi haqida g’urur bilan gapiradi. Jamoliddin ketmon, Aqrab qo’rboshi Dehqonqulning ahvolini ko’rsa ich-ichidan ezilib, xo’rlanib ketgan bo’lardi. Jamoliddin, Aqrablar o’tdi. Dehqonqul qadr¬don dalalariga umid bilan boqadi. Bu dalalarda hur, ozod insonlar yashashiga ishonadi. Qadrdon dala — Ona-Vatan timsoli. «Otamdan qolgan dalalar» uzoq yashaydigan, hali ko’plarni o’ylantiradigan, ta’sirlantiradigan romanlardan ekanligiga shubha yo’q.