Yulduzlar mangu yonadi
Ko’kda yulduz uchdi: yuzimga fotiha tortdim. Uchgan yulduz Tog’ay Murod hayotini olib ketganini bilgach, yuragim ezildi. Xayol uchqur-da: o’lim xabarini eshitganda Bo’ri polvon zo’r kurashga bakovullik qilayotgandi. Bir zum qotib qoldi:
— Attang, chakki bo’libdi...
Olishayotgan polvonlar bir-birlarining yelkalariga ma’yus bosh qo’yishdi. Ziyodulla kal yugura kelib otiga mindi, izillab yig’laganicha otini choptirib ketdi. Qoplon bobo, Oymomo momo bir zumda cho’kib qolishdi:
— Bolam-a... bolam-a... Bizlarga farzandlik qiluvding-a... Kitob qilib yozuvding-a...
Dehqonqul xotinining kuyib ketganiga, bolalarining bo’zlab qolganiga chidagan edi. Tog’ay Muroddan ayrilgach, o’zini qo’yarga joy topolmadi. Toshkentga shoshildi. Janozada qatnashdi. Chig’atoy qabristonini hamma tark etgach, Tog’ayning tog’day qabri poyiga cho’kkaladi, onasidan o’rgangan oyatlarni bilganicha takrorladi: oyat so’zlari ko’z yoshi bo’lib, yangi qabr tuprog’ini ho’llay boshladi.
Tog’ay Murod o’zbek yurtining tog’u toshlarini, qir-adirlarini, daryoyu ko’llarini, ob-havosini yurakdan his qilardi. Bahorning so’nggi kunlari chaqmoqli, guldurakli, yog’in-sochinli keldi. Ona tabiat zinda farzandining o’limini oldindan sezganmidi?!
Tog’ay Murod adabiyotga dangal kirib keldi. Shartta burildi-yu, hayotdan ketdi-qoldi. Undan o’n-o’n besh kichik asar, to’rt qissa, ikki roman, nari borsa, to’rt jildga jo bo’larlik meros qoldi. Ammo yozuvchi asarlari ruhini, ulardagi o’zbekona g’urur, surur, qat’iyat, oriyat, jo’mardlikni jo-bajo qiladigan hajmni topish mushkul. Tog’ay Murod o’tda yonmas, suvda cho’kmas asarlar, yuragida yoli bor qahramonlar timsolini yaratdiki, ular hamisha, har qaerda, har qanday sharoitda o’zbekning o’zligini namoyon etaveradi.
U o’ziga xos misoli tog’ so’qmog’iday murakkab va mukammal uslub yarata oldi. Unga hamisha sergaklanib, ehtiyotkorlik bilan odim tashlash joiz. Aks holda «farg’onachi» so’zi oyoqqa tikanday sanchilishi, Bolxin momoning miltiqning o’qiday so’zlari kishini yaralab qo’yishi, Dehqonqulning jo’yali, mantiqli fikr-mulohazalari odamni kalovlatib yuborishi, Ziyodulla kalning oddiy shumliklari zamiridagi zil-zambil haqiqatlar kishini chuqur o’yga toldirishi hech gap emas.
Ko’kda yulduz uchdi. Yulduzning uchishi — so’nishi emas. Tog’ay Murodning ko’kdagi yulduzi mudom uchaveradi. U ulug’ ustozlar yulduzlariga yaqinlashganida ham harakatlanaveradi. Tog’ay Murod yulduzi mangu yonadi.