Isroil tarixidan ma’lumki, Buxtunnasr (Navuxodonosorning arabcha nomi, miloddan oldingi 605—562 yillarda Bobilda yashagan) hukmronligi davrida yahudiylarning muqaddas diniy markazi bo‘lgan Yevrushalim (Quddus shahri) vayron etilib, yahudiylar asir olingan va barcha diniy kitoblar yoqib yuborilgan, yo‘q qilingan. Tavrotning asl nusxasi ham o‘sha paytda yo‘qolgan. Uni yod olgan oz sonli tavrotxonlar olamdan ko‘z yumganlar. Tavrotni yod olgan birgina Uzayr (a.s.) yuz yildan ko‘proq vaqt o‘tgandan, so‘ngtina uni qayta yozib, kitob holatiga keltirganlar. Alloh o‘zining qudratini namoyon qilish uchun Uzayr (a.s.)ni uzoq muddat — yuz yil uxlatib, qayta o‘zlariga keltirdi va bu muddatda yo‘qolib ketgan Tavrotni Uzayrning qo‘llari bilan asl holatiga keltirib yozdirdi. Qur’oni Karimning «Baqara» surasi, 259-oyati tafsirida shunday ma’lumotbor. (Tafsiri Ibn Kasir. Bayrut: 1969. 1- tom, 235-6.)
«Yahudiy qomusi»da bunday deyiladi: «Ular unutilib ketgan edi, ammo Azro ularni qayta tikladi. Matndagi ba’zi so‘zlarning to‘g‘riligiga shubhalanganini bildirish maqsadida Azro ularning ustiga nuqtalar qo‘yib chiqdi. «Agar Ilyos (payg‘ambar) bu matnni ma’qullasa, nuqtalarga ahamiyat bermaydi», — dedi u o‘zicha. «Agar maqullamasa, u holda shubhali tuyulgan ushbu so‘zlar matndan chiqarib tashlanadi».(Yahudiy qomusi, 5-tom, 322-6)
Iqtiboslardan ko‘rinib turibdiki, Tavrotning umumiy matni, Uzayr (a.s.) nusxalaridan qat’i nazar, Alloh Ta’olo dastlab nozil qilgan paytdagidek sof, musaffo bo‘lgan emas. Biroq «Azroning kitobi» yoki «Azroning yunoncha kitobi» deb atalgan o‘sha kitoblar ham hozirgi Bibliyada yo‘q. Keyinchalik taniqli nasroniylar ruhoniysi Yerome «ibriycha asl nusxasi yo‘q ekan» degan bahona bilan uni Bibliyadan chiqarib tashlagan, chunki unga Rim papasi muqaddas kitobni tahrir etishni topshirgan edi.
Demak, Iso (a.s.)dan qariyb 450 yil avval yashagan Uzayr (a.s.) davrlarida Tavrot va boshqa kitoblar aralash-quralash bo‘lib ketgan. O’sha paytdayoq bu kitoblarning birorta ishonchli nusxasi yo‘q edi. Uzayr (a.s.) Tavrotni qaytadan yozib chiqdilar. Endi esa bu nusxa ham saqlanmagan.