Shu so‘zlardan so‘ng onaizorni bag‘rilariga bosadilar, yig‘i-sig‘i avjiga chiqadi. Shu asnoda yana kunlar o‘tadi. Endi Sabriyya xonimda yig‘lash uchun faqat ko‘z yoshlari emas, vujudida quvvat ham qolmadi. Qovoklari xasta odamni eslatadigan darajada shishib ketdi. Qonsiz betlari so‘lib, osilib qoldi. Uning bu holi eri bilan onasini tashvishlantira boshladi. Uni doktorlarga ko‘rsatishdi. Doktorlarning xulosasi bir hil bo‘ldi: kamroq yig‘lasin, uyda diqqat bo‘lib o‘tirmasin, tashqarida, bog‘larda sayr qildiringlar, g‘am-alamdan yiroq bo‘lishiga erishinglar. Shukriyya xonim qayg‘uni unutish mumkin emasligini biladi. Lekin shunday bo‘lsa-da, ta’ziyaga keluvchilarni o‘zi kutib olib, yig‘i ochmasliklarini iltimos qiladi. Sabriyya xonim huzurida Jamolning o‘limini eslamasliklarini, umuman ta’ziya bildirmasliklarini o‘tinib so‘raydi. "œAgar shunday qilish qo‘lingizdan kelmasa, ichkariga kirmay qo‘ya qoling, sizdan injimaymiz, siz ham bizdan ranjimang", deb ogohlantirib ham qo‘yadi. Bu gap ikki xotinga ta’sir etsa, uchinchisining fahmi kaltalik qiladi. Odat bo‘lib qolgan odobidan voz kechishni istamaydi. Shukriyya xonimning o‘tinchlari u qulog‘idan kirib, bunisidan chiqadi. Qalb yarasini tirnay-tirnay, kulfat ezib qo‘ygan Sabriyya xonimga o‘zicha dalda bergan bo‘lib, hotirjam ravishda uyni tark etadi. Shukriyya xonimning iltimoslariga so‘zsiz amal qilishga va’da berganlari ham kampir boshqa xonaga bir yumush bilan chiqdi deguncha diydiyolarini boshlashadi:
-Shunday polvon bolani o‘lganiga odamning hech ishongisi kelmaydi. Unga nima bo‘lganiykin-a? Qaysi quribgina ketgur kasallik ilashdi ekan? Dunyo shunaqada! Bugun sen borsan, ertaga qarabsanki, go‘rda yotibsan. Yoshmisan, qarimisan, qaramas ekan. Kasal degani bir yopishsa bas, polvonmisan yo nimjonmisan farqi yo‘q, supurib olib ketaveradi.