Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 149398 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 33 B


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:10:00

Namoz o‘qish uchun... tahorat olish lozim bo‘ladi. Axir, KPSS tahoratxonang tirqishidan mo‘ralab turmagan edi-ku, shu tahorat olmasin, deya? Tahorat — yuvinib-chayinish demak, halollanib-poklanish, demak. Axir KPSS tahoratxonangga kirib kelib... pok-halol bo‘lma, deya, zug‘um etib turmagan edi-ku?
Chin, sovet tuzumini qusurlari ko‘p edi. Chin, sovet tuzumi ko‘p narsalarga qarshi edi. Ammo-lekin inson tahoratiga qarshi emas edi! Unda, nega bular birdan... shariatpesha bo‘lib qoldi? Birdan... namozxon bo‘lib qoldi? Birdan... muslim va muslimalar bo‘lib qoldi?
Bir ulug‘ zot shu haqda zo‘r gap aytib edi. Bu zot Kamol Otaturk edimi yo Lev Tolstoy edimi? Kim bo‘lsa-da, xo‘p aytib edi. Ana shu dono gapni davri keldi: bechora din... g‘ar-o‘g‘rilar uchun qalqon bo‘ladi. Bechora din... maraz-muttahamlar uchun qalqon bo‘ladi. Bechora din... ablahlar uchun qalqon bo‘ladi. Din, baloga qolgan din!
Ishdan haydalgan ojiz banda — o‘zini shariatga uradi. Ish topolmagan qo‘li kalta — xudojo‘y bo‘ladi. Qo‘lidan foydali ish kelmasa — namozxon bo‘ladi. Yegani non topolmay qolsa — qo‘liga tasbeh oladi. Boradigan joy topolmay qolsa — machitga boradi. Yurar yo‘lini bilmay qolsa — shariat yo‘lidan yuradi. Muslim bo‘ladi! Muslima bo‘ladi!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:10:36

Bechora xudo, bechoragina xudo! Bechora payg‘ambar, bechoragina payg‘ambar!
Chin, odam o‘z dinidan tashqarida yashay olmaydi. Odamni odam etib turuvchi-da dinidir. Odam qiyofasiga soluvchi-da diniy mazhabidir.
Mana, XX asr tamom bo‘lyapti. XX asr yakunlanyapti. Ana shunday kunda... manavilarni ishini! Shunday taraqqiyot kunida manavilarni qilig‘ini!»
Botir firqani xayollari o‘tmishlarga uchdi. Oyoqlari zaminda bo‘ldi. Xayollari kechmishda bo‘ldi...
«Sovet tuzumi o‘zbek xotin-qizlariga nima karomat ko‘rsatdi? — dedi Botir firqa. — Sovet tuzumi o‘zbek xotin-qizlariga beshta karomat ko‘rsatdi. Karomat desa degulik! O’zi, sovet tuzumidan oldin o‘zbek xotin-qizlari bor edimi? Bor bo‘lsa... oti... ojiza edi! Oti... tavqi la’nat edi! Sovet tuzumi ularga nom berdi: o‘zbek xotin-kizlari! Ular ana shu nom bilan... inson sanaldi. Ana shu nom bilan ijtimoiy-siyosiy kuch bo‘ldi. Ana shu nom bilan madaniy-ma’naviy qudrat kasb etdi.
Bu — sovet tuzumini birinchi karomati bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:11:24

Sovet tuzumini ikkinchi karomati — sovet tuzumi o‘zbek xotin-qizlariga... paranji-chimmat tashlattirdi! O’zbek xotin-qizlari xaltaga o‘rog‘lik... bulbul edi. O’zbek xotin-qizlari yeng ichidagi... bedana edi. Uzbek xotin-qizlari yuziga parda tortig‘lik... oyna edi.
Sovet tuzumini uchinchi karomati — sovet tuzumi o‘zbek xotin-qizlarini... xat-savodli etdi! Chin, eskicha maktab-madrasa bor edi. Ammo-lekin maktab-madrasalarda faqat... o‘g‘il bolalar o‘qitilar edi. O’qish zaifalar uchun... gunoh edi! Sovet tuzumi ana shu gunohni... bekor etdi!
Sovet tuzumini to‘rtinchi karomati — sovet tuzumi o‘zbek xotin-qizlarini... nikohdan o‘tkazdi! Chin, eskida ham nikoh bor edi. Ammo-lekin eski nikoh... Eski nikoh xotin-qizlar haq-huquqi bilan hisoblashmadi. Sovet tuzumi o‘zbek xotin-qizlarini... ZAGSdan o‘tkazdi!
Sovet tuzumini beshinchi karomatini... tan olish lozim! Sovet tuzumi ana shu beshinchi karomatda... qosh qo‘yaman, deb, ko‘z chiqarib qo‘ydi! Chin, sovet tuzumini maqsadi — o‘zbek xotin-qizlarini erkaklar bilan teng huquqli etish edi. Chin, teng huquqli etdi. Ayollar bilan erkaklarni tengma-teng ko‘rdi. Ammo-lekin ayol bilan erkakni bir qolipga soldi. Ayol kim, erkak kim — bilib bo‘lmay qoldi. O’zbek xotin-qizlariga... buldozer haydattirdi, traktor haydattirdi!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:11:33

45


Botir firqa oyoqyoydi uchun tashqariladi. Xiyobonga yo‘l oldi.
Xiyobonda odam kam bo‘ldi. Barcha ishga shoshildi. Birov pitir-pitir shoshildi. Birov bir nimalar yeb-eb shoshildi. Birov chopqillab-chopqillab shoshildi.
Odam odamga qaramadi. Odamlar ko‘zi oyog‘i ostida bo‘ldi. Bilagidagi soatda bo‘ldi. Bekatda bo‘ldi.
Botir firqa tevarakka sokin boqdi. Xotirjam nafas olib boqdi.
Lenin haykali qoshiga keldi. Boshidan poxol shlyapasini oldi. Leninga qarab... ta’zim bajo etdi.
—    Salomatmisiz, o‘rtoq Lenin! — dedi.
Shlyapasini boshiga qo‘ndirdi. Yo‘lida davom etdi.
Ko‘m-ko‘k o‘tlar yoqalab yurdi. Turli-tuman atirgullar oldidan yurdi.
Atirgullar... atriyot anqitdi.
U gullarga qarab... dimog‘ini to‘ldirib-to‘ldirib nafas oldi.
—    Oh-oh-oh! — dedi.
Botir firqa miriqdi!
Sayr etib yura-yura — xiyobon chetidan chiqib qoldi. Tag‘in iziga qaytar bo‘ldi. Ammo oyoqlari toliqqanday bo‘ldi. Anig‘i, picha o‘tirgisi keldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:11:41

Shu yaqinda turmish uzun skameykadan joy oldi. Skameyka suyanchiqlariga qulochlarini yoydi. Oyoqlarini kerib-kerib uzatdi. Oyoqlari shunday rohat oldi, shunday rohat oldi!
U hayotdan zavq-shavq oldi. U to‘yib-to‘yib xo‘rsindi. U hayotdan... shukur etdi.
Shunda, shu yaqindan shitir-shitir tovush eshitildi. Misoli, daraxt yaproqlari shitirlab uchib tushmish bo‘ldi. Misoli, yellar xazonlarni shitirlatib uchirmish bo‘ldi. Misoli, chumchuqlar xazonlar oralab yurmish bo‘ldi.
Botir firqa e’tibor bermadi. Diqqat etmadi.
Shitir-shitir muntazam bo‘ldi. Tez-tez bo‘ldi. Tobora yaqindan bo‘ldi.
Ana shunda Botir firqa alangladi. Bosh-adoq nazar soldi.
Skameyka ketida yoyilib yotmish ko‘kalamzorda ikkita oppoq... Oppoqdan-oppoq narsa turdi. Eng hayratli joyi — oppoq narsalar... mayda-mayda bo‘ldi. Do‘mboq-do‘mboq bo‘ldi!
Oppoq-oppoq do‘mboqchalar... besh-olti yoshlik... qizaloqlar bo‘ldi! Oppoq ko‘ylak-lozim kiyguvchi qizaloqlar bo‘ldi. Oppoq ro‘mol o‘raguvchi qizaloqlar bo‘ldi.
Qayta quruvchi shariatpeshvolar tili bilan aytsak... muslimalar bo‘ldi!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:12:01

«Yo tavba! — dedi Botir firqa. — Tushimmi yo o‘ngimmi? Nima balo, qayta quruvchilar meni esimni kiritib qo‘yish uchun shunday tashkil etyaptimikin? Qayta quruvchilardan keladi. Juvonmarg bo‘lgur qayta quruvchilardan har balo keladi».
Botir firqa alang-jalang bo‘ldi. Sinchkov-sinchkov alangladi. Diqqat-e’tibor bilan alangladi.
Yo‘q, bu yaqinda qayta quruvchi suvratlar yo‘q. Yo‘q, bu yaqinda shariatpeshvo siymolar yo‘q.
Botir firqa xotirjam bo‘ldi. Ung tirsagini skameyka ustiga tiradi. Yuzini o‘ng kaftiga qo‘ydi. Do‘mboq muslimalarga o‘ychan tikilib qoldi. Ma’yus tikilib qoldi.
«Shularni yoshi, bo‘lsa, besh-oltilarda. Kechagina tug‘ilgan qizaloqlar, — dedi Botir firqa. — Aftidan, bular hali maktabniyam ko‘rmagan. Bular hali burniniyam artib olmagan. Nega endi, aynan shu bugun... shular ko‘zimga ko‘rinyapti?»
Botir firqa o‘ylab qoldi. Go‘yo, tush ko‘rdi. Go‘yo, dunyoni endi ko‘rdi. Go‘yo... bir baloga yo‘liqtsi!
Qomatini xiyol rostladi. Tomog‘ini qirdi. Boshini uyoq-buyoqqa qimirlatdi. O’ta jiddiy bo‘ldi. Endi, partiyaviy o‘yladi. Partiyaviy fikrladi:
«Menimcha, bunday jajji muslimalarni ko‘p ko‘rgan bo‘lishim kerak. Ammo-lekin rahbarlik fe’lim qo‘zib... mayda-mayda odamchalarga e’tibor bermagan bo‘lishim kerak. Rahbarlik dimog‘im qo‘ymay... oyoq ostida o‘ralashib yurgan muslimachalarga qayrilib qaramagan bo‘lishim kerak. Yana-tag‘in, keksalik... bemalolxo‘jaligim ham qo‘shilib, go‘dak muslimalarga diqqat etmagan bo‘lishim kerak».
Botir firqa jajji muslimalar bilan so‘rashmoqchi bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:12:14

—    Ha-a, yaxshimisizlar? — dedi.
Go‘dak muslimalar joyida qoldi. Yonma-yon bo‘ldi. Qo‘llarini ko‘ksilariga qo‘ydi. Boshlarini egdi. Ko‘zlarini kalishlari uchiga qadadi.
—    Dimog‘laring chog‘mi?
Go‘dak muslimalar sukut saqladi. Kalishlaridan ko‘z uzmadi. Miq etmadi. Salom bermadi.
Botir firqa ana shunda tushundi. Negaligini anglab oldi. O’zicha bosh irg‘adi.
«Aytmoqchi, shariat bo‘yicha muslimalar erkaklarga qaramaydi. Erkaklar bilan salom-alik etmaydi, — dedi. — To‘g‘ri, mana shuginalar toat-ibodat etadi. Namoz o‘qiydi, ro‘za tutadi. Ammo-lekin muslima bo‘lish uchun... xudoni kimligini bilish kerak. Muhammad payg‘ambarni kimligini bilish kerak. Buning uchun avvalo... Qur’onni o‘qish kerak, Hadislarni o‘qish kerak. Bor-yo‘g‘i besh-olti yoshlik muslimalar buncha ilmni qachon o‘rganib oldi? Bor-yo‘g‘i besh-olti yoshliq muslimalar Qur’onu Hadislarni qachon o‘qib oldi? Yomondan-yomoni, bu muslimachalar... katta bo‘lsa, kim bo‘ladi? El-yurt taqdiri shularga qoladimi? Shular yurt kelajagi bo‘ladimi?»
Botir firqa chidab o‘tirolmadi. Tizzalarini mushtlab qo‘zg‘oldi. Yerga tupurib qo‘zg‘oldi. Oh-oh urib qo‘zg‘oldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:12:32

46


Botir firqa Moskva televideniesini ko‘rib kofe ichdi. «Tong» tomoshasini ko‘rib kofe ichdi.
Mazkur tomoshada ajab bir sinoatni ko‘rdi: Parij oliy o‘quv yurtlarida saboq oluvchi eronlik qizlar... paranji o‘rabdi! Ko‘chada paranji o‘rab yuribdi! Institutda paranji o‘rab yuribdi. Darsda-da paranji o‘rab o‘tiribdi!
Parij meri bundan xabar topibdi. Paranjida yurish taqiqlansin, deya qaror chiqaribdi. Kim paranjida yursa, oldin jarima solinsin. Keyin, o‘z yurtiga qaytarib yuborilsin, debdi.
Eron xotin-qizlari ushbu qarorni eshitib, Tehrondagi Frantsiya elchixonasi oldida namoyish o‘tkazibdi. Bu, musulmonchilikka qarshi qaror, tezda bekor qilinsin, deya norozilik bildiribdi.
Elchixona oldida to‘da-to‘da xotin-qizlar, qop-qora paranjilik xotin-qizlar. Boshdan-oyoq qop-qora xotin-qizlar!
Botir firqani zavqi keldi. Ich-ichidan shod bo‘ldi.
«Juda to‘g‘ri qaror! — deya ma’qulladi. — Ana mer, ana rahbar! Axir, Parij meri... kommunist emas-ku? Axir, Parij meri... Qizil emas-ku?»
Botir firqa g‘ayrati jo‘shdi. Joyidan dast qo‘zg‘oldi. Kaftini kaftiga urdi. Kaftini kaftiga ishqadi.
—    Baribir... haqiqat bor! — dedi.
Ayvonda timirskilanib yurmish kampiri ovoz berdi:
—    Chakirdingizmi, rais bova?
—    Yashasa bo‘ladi! — dedi Botir firqa.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:12:40

47


Xiyobon to‘la odam bo‘ldi.
Odam misoli chumchuq bo‘ldi.
Odamlar yelkasiga chumchuq bo‘lib qo‘nsa bo‘ldi... ammo odamlar oralab yurib bo‘lmadi.
Odam.. qaynadi!
«Raykom buyursayam buncha odam yig‘ilmas edi, — deya o‘yladi Botir firqa. — Raykom partiyadan o‘chiraman, desayam buncha odam kelmas edi. Demokratiya sharofati bu, demokratiya sharofati».
Botir firqa odamlarni yorib yurolmadi. Ichkariroq kirolmadi. Tevarak-bosh alangladi. Azim chinor ostida turmish bir kishiga ko‘zi tushdi.
Bu kishi — sobiq obkom sekretari o‘rtoq Rajabov bo‘ldi.
U ana shu Rajabovni qoralab bordi. Rajabov bilan ko‘rishib-so‘rashdi. Qo‘llarini kostyumi cho‘ntaklariga soldi. Minbarga qaradi. Yig‘ilish boshlanishini poyladi.
O’rta yashar kishi bir minbarga qaradi, bir Botir firqaga qaradi, bir chinor shoxlariga qaradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:12:50

—    Biz ham bor, mana shu chinorlar ham bor. Nima dedingiz? — dedi.
—    Chin, chin, — dedi Botir firqa. — Chinorlar ham bor... biz ham bor!
—    Shu chinorlargayam... yigirma yillar bo‘lib qol-di-yov?
—    Unday, past ketmang. Bu chinorlarni umri... yarim asrdan oshib ketdi.
—    Yarim asr? Gapingizda jon bor. Chunki men ham bor, shu chinorlar ham bor.
—    Shunday, asrlik chinorlar, shunday.
—    Qarang, yarim asrdan ziyod el-yurtga soya-salqin berib keladi-ya?
—    Shunday, shunday.
—    Boboning tol tikkani — o‘ziga nom ekkani, deydilar. Qaysi bir... ota-bobolarimiz ekib ketgan-da?
Botir firqa yuzlarini chetga burib kulimsidi. Chinor shoxlariga qarab kulimsidi.
—    Kim biladi, — dedi.

Qayd etilgan