110. Abu Muso Ash’ariy uyidan tahorat olib chiqdi. U, bugun Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) yonlaridan jilmay, kunimni u zot bilan birga o‘tkazaman, deb niyat qildi. Masjidga kelib, Rasulullohni (sollallohu alayhi vasallam) so‘ragan edi: «Manavi tomonga ketdilar», deyishdi. Abu Muso aytadi:
— Men Rasulullohni (sollallohu alayhi vasallam) odamlardan so‘rab-surishtirib yurib, Aris qudug‘i oldiga keldim. Uning (qo‘rg‘onining) eshigi oldida to Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) qazoi hojat qilib, so‘ng tahorat olgunlariga qadar kutib o‘tirdim. Keyin Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) quduq labidagi sal ko‘tarilgan joyga — quduq to‘sig‘i ustiga o‘tirdilar. O‘rtasiga joylashib olgach, boldirlarini ochib oyoqlarini osiltirdilar. Men Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) oldlariga borib salom berdim-da, yana ortimga qaytdim. Payg‘ambarning (sollallohu alayhi vasallam) dorboni (eshik og‘asi) bo‘laman, deb eshik oldiga o‘tirib oldim. Abu Bakr (r.a.) kelib eshikni itardi.