Ikkinchi fasl
Qiyomatning ulkan alomatlari zamiridagi sir-asrorlar
Biz yuqorida insonning kichik bir olam ekani, unga yuz yigirma kunlik homila ekanida ruh puflangani va bu ruh insonga hayvon hayotini kechirish uchun emas, balki inson bo‘lib yashamog‘i uchun berilgani haqida suhbatlashdik. Inson aynan mana shu ruhi sababli ilohiy ma’rifat va yerdagi xalifalikka munosib ko‘rildi. Alloh iznu irodasi bilan butun borliq unga bo‘ysundirildi. Inson yerda xalifa bo‘ldi. Lekin odam tug‘yonga tushib, o‘zgalarga jabr-zulm o‘tkazsa, yaratgan ulug‘ Parvardigorini unutib, fisqu fujur ishlarga sho‘ng‘isa, o‘zicha kibru havo qilib haq yo‘ldan yuz o‘girsa, Alloh taolo uni parcha-parcha qilib tashlaydi. Shuningdek, olamda ham fasod, qirg‘inlar haddan ziyod ko‘payib ketsa, dunyo oxirgi soatlariga tobora yaqinlashadi. Agar mana shunday buzuq dunyoda Qiyomat alomatlari ko‘rinayotgan bo‘lsa, bunga sira-sira ajablanmaslik kerak.