Ertasi kuni o'qituvchimiz shu xususda boshqa bir hikoyani gapirib berdi. Bir kambag'al bola bo'larkan. Bolaning onasi yotib qoladi. Unga dori kerak, uyda esa pul yo'q. Bola dori sotib olish uchun o'g'rilik qiladi, uni tutib olishadi. O'rtog'i esa butun aybni o'z bo'yniga oladi. U qutulib ketadi.
Yana bilag'onlik qilyapti, deb o'ylamasliklari uchun bu gal indamay qo'ya qoladim, fikrimni aytmadim. Vaholanki, ushbu hikoyada g'irt tentaklikning nomi fidoyilik deb ko'rsatilgan edi.
O'qituvchilarimiz kelishib olishibdi. Bizning sinf bian 5-«B» sinfi o'quvchilari o'rtasida eng yaxshi insho uchun konkurs o'tkaziladigan bo'ldi. Inshoning mavzusi — fidoyilik. Bu konkurs maktabda katta shov-shuv ko'tarib yubordi. Hamma kim g'olib chiqishini bilgisi keladi. O'qituvchimizga qolsa, konkursda men yutib chiqishim kerak. Bunga uning imoni komil. Men shu inshoda fidoyilik haqida o'z bilganlarimni yozishga jazm qildim. O'ziniyam naq uch kun yozdim. Tayyor bo'lgach, uydagilarga o'qib berdim. Yozganlarim hamisha dadamga ma'qul bo'lardi, lekin bunisi unga yoqmadi. Amakimga ham o'qib beruvdim, ensasi qotdi.
Aslida yozgan inshomning mazmuni bunday. Bir bolaning ukasi og'ir betob bo’lib qoladi. Bola bundan qattiq ezilib yuradi. Ukasining og'irini yengil qilmoqchi bo'ladi, lekin ilojini topolmaydi. Oxiri o'ylab-o'ylab bir yo'l topadi. Har kuni o'ringa yotar chog'ida: «E xudo, ukamni o'z panohingda asra. Dardini menga bera qol, roziman», deb pichirlaydigan bo'ladi. Kunlardan birida kechasi u tush ko'radi. Bahaybat bir dev: «Mana, qilgan duoing ijobat bo'ldi. Qani, joningni menga taslim qil!» — deb turgan emish. «Men ukamga fidoyilik qilmoqchi bo'luvdim, jonimni olma!» — deb bola qichqirib yuboradi. Onasi uyg'onib ketadi. Ko'rpang ochilib qolibdi, yotnon tush ko'rgan bo'lsang kerak, o'giim, deb uning ustini yopib qo'yadi. Bola yana uxlab qoladi.