MULLA HINDISTONIYNING BOSHDAN KECHIRGANLARI
TOSHDAN QATTIQ
Mavlono mulla Muhammad Sharif Hindistoniyning ushbu o‘z tillaridan yozib olingan tarjimai hollarini o‘qir ekanman, beixtiyor, inson boshi toshdan ham qattiq. Ammo odam boshi soy tubidagi toshdek chidab qoladi, degan o‘y hayolimda takrorlandi. Ha, Xudo g‘olib qilaman desa, odam - g‘olib! Uni hech narsa, hech qanday azob uqubat, hech qanday qiyinchilik yengolmaydi.
Ilm istagan, dili ma’rifat va yaxshilikka tashna solih yigit boshidan zamon ne tegirmon toshlarini yugurtirmadi. Uni ma’rifat va imondan to‘ydirolmadi. Balki aksincha qiyinchilik ortgan sayin uning imoni mustahkamlana, ma’rifati komillana bordi. Alloh doim sabr qilguvchilar bilandir, degan oyati karima bu ajoyib inson taqdirida yana bir karra isbotini topdi.
Mavlono Muhammad Sharif Hindistoniyning boshdan kechirganlari magnit lentasiga yozib olingan ekan. Ulamoyi kirom mulla Kamol o‘g‘li Sarimsoqjon uni qunt bilan oqqa ko‘chirib chiqdi.