Chingizxon misli ko‘rilmagan shafqatsizlik bilan mening otayurtimni tuproqqa qorib, shu yerlik aholining tuxumini quritib, insoniyat taraqqiyotini yuz yil orqaga itqitib yuborgach, oradan yetti yarim asr vaqt o‘tib, biz o‘trorliklar avlodi bir dasturxon atrofida Chingizxonning avlodi bilan do‘stona suhbatlashib o‘tirishimizni kim xayoliga keltiribdi deysiz! Vaholanki, biz aynan o‘sha yovuz daho kulini ko‘kka sovurgan shahar xarobalari poyida, bir-birimizga hech qanday dushmanlikni ravo ko‘rmagan holda bamaylixotir o‘tirardik.
Ko‘p o‘tmasdan bizning huzurimizga bir nechta otliq mo‘ysafid kelib, egardan tushdi. Ular orasida kamina juda hurmat qiladigan oqsoqollar Musobek Ajibekov, Qutum O’rdaboevlar ham bor edi. Ayniqsa, Janubiy o‘lkaning solnomasini yaratgan donishmand oqsoqol Adham Shilterxanovni boshqacha e’zozlardim. U kishi endi tarixiy mavzularga ham qo‘l urgandi.
Salom-alikdan so‘ng, ular meni bir chetga boshlab chiqdilar.
— Muxtorjon, tuman rahbariyatiga sen bir iltimos bilan murojaat qilgan ekansan. Xalqimiz odatiga ko‘ra, sening do‘sting, mehmoning bo‘lmish Mo‘g‘ilistonning birinchi kosmonavtiga qo‘limizdan kelgancha izzat-ikrom ko‘rsatamiz. Lekin, sen taklif etganday, unga O’trorning faxriy fuqarosi unvonini berish masalasiga kelsak... Agar uning ota-bobolari vahshiylik qilmaganda bizning O’tror shu kunlarda ham qo‘r to‘kib turmasmidi? Zangor minoralarini ko‘rib, ko‘zlarimiz quvonmasmidi? O’trordan tashqari, Sirdaryo havzasidagi yer yuzasidan supurib tashlangan qirq ikki shahar to‘g‘risida nima deysan? To‘g‘ri, bu ishlarda Gurragchaning nima gunohi bor, deb so‘rashing mumkin. O’zimiz ham juda yaxshi bilamiz, bu ishlar uchun u gunohkor emas. Lekin, baribir ota-bobolarining qilmishi uchun Gurragcha ham javobgar. Chunki, uning tomirida oz bo‘lsa-da bobolarining qoni oqyapti. Bizning gaplarimizni tarix xotirasi haqqi-hurmati aytildi deb qabul qilgin. Eski gina-kuduratlarni dilga tugib yurish bizning odatimiz emas. Biroq, tarixni butunlay unutib yubormasligimiz kerak. Shularni o‘ylab ko‘r.