26-bob. Dajjol haqida
Mug‘ira ibn Shu’ba rivoyat qiladilar: «Hech kimsa Dajjol haqida Janob Rasulullohdan menchalik ko‘p so‘ramagandur. Bir kuni Janob Rasululloh menga: «Dajjoldan senga ne zarar yetdi?» — dedilar. Men: «Odamlar aytadirlarkim, Dajjolning tog‘dek noni-yu, daryochalik suvi bor emish», — dedim. Janob Rasululloh: «Bul aytganing Olloh taolo uchun hech gap ermas!» — dedilar».
Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Dajjol Madinaning tashqarisiga tushadir, keyin Madina uch bor silkinib, o‘zidagi barcha kofiru munofiqlarni uning oldiga itqitib chiqarib tashlaydir», — dedilar».
Ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Dajjolning o‘ng ko‘zi ko‘r bo‘lib, go‘yokim uzum donasidek bo‘rtib chiqqandur», — dedilar».
Abdulloh ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam odamlar orasida tik turib Olloh taologa munosib hamdu sanolar aytdilar, so‘ng Dajjol haqida gapirayotib: «Men sizlarni ogoh qilib ayturmenkim, undan ehtiyot bo‘lingizlar, mendan ilgarigi barcha payg‘ambarlar ham o‘z ummatini shunday deb ogohlantirgandur, ammo men sizlarga burungi payg‘ambarlar aytmagan bir gapni aytayin, uning bir ko‘zi ko‘r bo‘lib, Olloh taolo ko‘r ermasdur!» — dedilar».
Abdulloh ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Bir kuni uxlab yotgan erdim, tush ko‘rdim. Tushimda Ka’bani tavof qilayotgan ermishmen. Nogoh, sochlari silliq, bug‘doy rang bir kishiga ko‘zim tushdi. «Bul kim?» — deb so‘rab erdim, «Ibn Maryam», — deyishdi. Keyin, atrofga alanglab gavdasi ulkan, afti-angori qizg‘ish, sochlari jingalak bir ko‘zi ko‘r kishini ko‘rib qoldim. Uning o‘shal ko‘r ko‘zi go‘yokim uzum donasidek bo‘rtib turur erdi. «Bul kim?» — desam, «Bul — Dajjoldur», — deyishdi. Ul Xuzoalik Qatanga ko‘proq o‘xshab ketur erdi».
Oisha raziyallohu anho: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning namoz o‘qiyotib Dajjol fitnasidan panoh tilayotganlarini eshitganmen, — deydilar.
Xuzayfa ibn al-Yamon rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Dajjol haqida gapirayotib: «Ul o‘zi birlan o‘t (olov) va suv olib yurg‘ay, o‘ti sovuq suv bo‘lib, suvi ersa o‘tdir», — dedilar».