Ba’zan odamzotning aqliga qoyil qolmoq kerak. O‘zining xotirasiga ishonmagani uchun «Arxiv» degan narsani topganki, bu ixtiroga tan bermoqdan o‘zga chora yo‘q. To‘g‘ri, xorijda bu vazifa kompyuter zimmasiga yuklatilgan. Ammo bizning qog‘ozlardan iborat bo‘lgan arxivimiz kompyuterdan ishonchliroqdir. Katta jinoyatlarni qo‘ya turaylik, lozim bo‘lsa, kunda necha marta aksa urgansiz — barchasini muhrlab qo‘yishi mumkin. Zohidga o‘xshagan azamat bir kuni arxivdagi «ish»ingizni ochib, «Xo‘-o‘sh, yigirma besh yil muqaddam, falon kuni, falon soatda aksirgan ekansiz, to‘g‘risini ayting, nima maqsadda aksirgansiz?» deb qolsa ajablanmaysizmi? Ana shu qog‘ozlar ichida Jamshidga aloqador hujjatlar ham saqlanar edi: bo‘yi 174 santimetr, yelkalari... ko‘kragi... og‘irligi, sochi... rangi... Surati: yonboshidan, ro‘paradan... Jingalak sochli xushro‘y yigit. Ko‘zlari ma’yus — «rostdan ham men jinoyatchimanmi, rostdan ham meni qamaysizlarmi?» deyayotganday.
Zohid avvaliga «ish»ni hafsalasizlik bilan varaqladi. Yoshi o‘zidan kattaroq qari qizni zo‘rlamoqchi bo‘libdi. O‘smirlar orasida uchrab turadigan voqea. Uyg‘onish pallasida o‘zini boshqara olmay qoladigan o‘smirlar yuradigan yo‘l bu. Tergov bayonlari, guvohlarning so‘zlarini o‘qiy boshlagach, sergak tortdi. «Ish» bilan to‘liq tanishib chiqqach, tergovning ham, sud jarayonining ham belgilangan reja asosida borganini, Jamshid gunohsiz ekanini fahmladi. Zohid uchun bu ajablanarli hol emas edi. U faqat bir narsani bilmasdi — o‘smirlar-ku tabiiy bir kuch oldida ojiz qolishadi. Ammo bu ishni olib borgan tergovchi, hakam qanday kuch oldida ojiz qolishdi? Ularni qanday kuch boshqardi? Asadbekmi? Zohid uzzukun shu to‘dani o‘ylab yurgani uchun ham xayoliga birinchi bo‘lib Asadbekning nomi keldi. Keyin bu fikrdan qaytdi: Asadbek o‘smir bolani qamatib yuboradigan darajada mayda bo‘lmasa kerak. Jamshid qamalishda beayb ekan, jinoyatchi jandasini o‘sha yerdan kiyib chiqdimi? So‘ng kimga qo‘shildi? Nima ishlar qildi? Zohidning boshini garang qilgan savollar behisob edi. Bu savollar holva ekan. Sud tibbiy ekspertiza xulosalari uni gangitib qo‘yayozdi: murdaning yoshi ellik-ellik beshlarda. Jigari va boshiga qattiq narsa urilgan. Miyasiga qon quyilgan. O‘ng oyog‘i singan. Bo‘yi ham, ko‘krak qafasi ham Jamshidning «ish»idagi raqamlarga to‘g‘ri kelmaydi. Eng muhimi, osib o‘ldirilmagan. Bu odamning jon berganiga kamida yetti-sakkiz kun bo‘lgan.