13
Zevning kundalik daftari menga yod bo‘lib ketdi. Undan Shia Changning birinchi bor uni tashlab ketgani, ertasiga intizorlik bilan qizning qo‘ng‘irog‘ini kutishi, qiz esa bir kun o‘tib qo‘ng‘iroq qilgani, ularning tungi izvoshda ko‘rishishgani, Zevning qizni o‘pgani-yu, aldanib qolgani haqidagi tafsilotlar ayon edi menga. Bu chindan ham aytsa arzigulik hikoyadir. Navbatdagi uchrashuvda Zev qizdan uyiga kelishini qattiq turib iltimos qildi. Avvaliga qiz singlisini bahona qilib ko‘nmadi. Lekin darhol nimadir xarid qilish uchun Zevdan pul berib turishni so‘rab, taksiga o‘tirdi-da, magazinga ketdi. Zev uning qaytishini sabrsizlik bilan kutdi, oradan besh daqiqa o‘tdi, o‘n daqiqa o‘tdi, biroq qiz qaytib kelmadi. Ular zim-ziyo qorong‘ilikda shahar tashqarisidagi kimsasiz bir joyda edilar, 15 daqiqa o‘tgach, Zev bezovta bo‘la boshladi, churq etmay turgan haydovchi birdan toqati toq bo‘lib, soatiga ishora qildi. Zev undan qiz qaerda qoldi, deb so‘radi inglizchada. Haydovchi inglizchani bilmasa-da, lekin savol mazmunini ilg‘adi va imo-ishora bilan qizning ketib qolganini tushuntirdi. Ketgan bo‘lsa qaytardir, so‘radi u yana. Yo‘q, dedi haydovchi. Unday bo‘lsa, nega bu yerda qaqqayib turibmiz? Zevning kayfiyati tushib ketdi, qanday bema'nilik, dedi u. Haydovchi yelkasini qisib qo‘ydi.
Ertasi kuni qizga qo‘ng‘iroq qilganda, u yomg‘irdan keyingi osmonday toza va bokira tutdi o‘zini. Zev uni na pul va na aldangani uchun aybladi, birgina «yana qachon ko‘rishamiz», deb so‘radi. Qiz tayinli bir kunni aytdi, lekin bu safar tungi klubda uchrashishga kelishdilar.