— Juring, so‘raymuz, — Yodgormurod qaytib, qo‘llarimdan tortqilamoqqa tushdi-yu, men unga ergasharkanman, kennoyimning ruxsori lip etib ko‘z o‘ngimdan g‘oyib bo‘lib, shu zahoti uning o‘rnida boshqa aziz qiyofa — men qachonlardan beri yo‘qotib qo‘ygan Sultonmurod akam suvratda yuz ochib, jilolmayin ham qoldim: yana bir qadam bossam, u ham yo‘qolib, Chaman akam chiqishi tayin edi.
Men esam, bu ajib suvratda faqat akamu Mahfuz kennoyim ko‘rinishlarini istardim.
Ammo shu tob boyagi kirgan joyimizdan ayol kishining qattiq-qattiq ovozlari kelib, to‘xtab qola qoldik. Asal opa uyni boshiga ko‘tarib, shang‘illar edi:
— Itniyam, bitniyam qo‘yavering. Nima, bu karvonsaroymi sizga?! Ana, bittasi shuncha turib, nima karomat ko‘rsatdi? Yetimini tashlab ketadi hali! Itdan bo‘lgan qurvonliqqa yaramas...
— Hay, sekinroq, uyalgin, axir, — o‘tinardi kampir.
— Nimadan uyalaman? Nega uyalaman? O‘z uyimda ham uyalaymi?!
— Hoy, Xudodan qo‘rqmagan, hoy, odam isi yoqmagan! Chaman eshitsa, nima deydi?! Jilla qursa, mendan uyal. O‘z onangdan uyal.
— Nima, Chamaniz? Birovning xotinini o‘z uyiga obkeb o‘tirgan u kishi pokdomon-u, men qora bo‘ldimmi? Men yomon bo‘ldimmi?
— O‘chir, — dedi ona, — hammani o‘ldirib, sil qilib, bezdirib, o‘zing so‘ppayib qolmoqchimisan bu uylarda? Xudodan qo‘rq! Shu fe’ling bilan-ku, hech yerga sig‘mading. Tirnoqqa zor o‘tib boryapsan. Yana odam isini yoqtirmay qaerga sig‘moqchisan? Qachon odam bo‘lasan?
— Bo‘lmayman! — dedi Asal, ostona xatlab ulgurmagan asrandisining ketiga tarsaki tushirib.
— Bo‘lmasang, bo‘lmay o‘t!