348. Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Musibat tushganda sonlariga urish ajrni yo‘q qiladi. Musibatga ilk to‘qnashgandagi sabrning ajri katta bo‘ladi. Ajr musibatning kattaligiga qarab bo‘ladi. Kim musibatdan keyin, biz Allohniki va biz Allohga qaytguvchimiz, desa, Alloh uning ajrini musibat yetgan kunidek yangilab beradi".
Faqih aytadilar: Oqil kishi musibatning savobi haqida fikr qilishi lozim. Shunda unga musibat yengil bo‘ladi. Albatta, Alloh taolo musibatga sabr va qanoat qilsagina katta savob bo‘lishini aytgan. "Albatta, sizlarni imtihon qilamiz..." Allohning imtihoni o‘zi bilgan g‘aybni zohir qilishdir; "xavf xatar bilan..." ya’ni, dushman bosqini, qo‘rqinchi bilan; "ochlik bilan", "mollarni, jonlarni va mevalarni kamaytirish bilan" Alloh imtihon qiladi. "Sabr qiluvchilarga xushxabar bering". So‘ng ularni vasf qildi: "Biror musibat yetganda, albatta, biz Allohning (bandalarimiz) va, albatta, biz U zotga qaytguvchimiz, deydilar".
"Biz Allohning (bandalarimiz)...", ya’ni, biz Allohning qullari va biz Uning mulkidamiz, agar yashasak, rizqimiz Uning ustida. "...va, albatta, biz U zotga qaytguvchimiz". Ya’ni, o‘limdan keyin.
Bizlar Uning hukmiga rozi bo‘lishimiz shart. Agar biz Uning hukmiga rozi bo‘lmasak, Unga qaytganimizdan keyin U bizdan rozi bo‘lmaydi.
"Ana o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovot (mag‘firat) bordir". Salovot uch narsa ustidadir: Toatga tavfiq, gunohlardan saqlanish, mag‘firat. Bu gap birgina salovotning tafsiridir. Ammo boshqa salovotlarning nihoyasini Allohning o‘zi biladi. "...va rahmat bordir", ya’ni, Alloh taolodan. "Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchilardir" (Baqara, 155-157).
Said ibn Jubayrdan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Istirjo’ aytish faqat shu ummatga berildi. Agar boshqa ummatga berilganda, Ya’qub alayhissalomga berilardi. U kishiga musibat yetganda:
"Ey bechora Yusuf-a!" (Yusuf, 84) degan edilar.
Said ibn Mus’ab Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qiladilar: "Qur’oni Karimdagi ikki teng so‘z va uning ilovasi qanday ham yaxshi. Ular quyidagilar: "Parvardigorlari tomonidan salovot va rahmat bordir". Ilovasi: "Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchilardir".