( Bir kitobda judayam foydali maslahatlar yozilgan ekan. Shuning uchun bir mavzu ochib shu kitobdan siz azizlargayam ilinish umidida barcha yozilganlarni yozib borishga ahd qildim. Zora,foydasi tegsa... )
SAODATLI OILA SAROYI.
Har bir oila uchun qo'llanma bo'lishga arzirli bir go'zal kitobcha nashrga tayyorlanibdi,qutlug' bo'lsin ! Saodatli oila saroyini qurish haqida necha ming yillardan beri juda ko'p donishmandlar nasihatlar qilganlar. Hozir ham davrimiz olimlari bu mavzuda zarur maslahatlar beryaptilarkim,bu o'gitlarga amal qilganlar baxt topyaptilar. Mustafo Qoratoshning bu kitobchasi ham zimmasiga ana shunday sharafli vazifani olgan.
To'ylarni tomosha qilgan har bir qizaloqning kelin bo'lish orzusida o'rtoqlari bilan " Kelin-kelin" o'ynaganlarini kuzatamiz. Dastlabki " Kelinsalom"ini o'zlari eslay olmasalar kerak. Lekin Ota yoki Ona eslar. Kuzatganmisiz : qizcha bir,ehtimol ikki yoshida onasining harir ro'molini olib " Kelinsalom" qilib,kattalarning olqishini eshitadi,bundan quvonib qayta -qayta salom qilaveradi. O'shanda kattalar " Baxtli kelin bo'lgin ",deb duo qilishadi. Qizchalar bolalik o'yini tufayli minglarcha duo oladilar. Ota Ona duolarini esa sanab adog'iga yetish mushkul.
Farzand tug'ilgan onda doya " Qiz muborak !deyishi bilan Ona quvonchdan Xudoga shukr aytadi. Qiz farzand dunyoga kelishi bilan ona qalbida shirin bir orzu ham tug'ilgan. Bu orzu farzandga egizak kabi edi,u qiz bilan ulg'aydi. Qizni qanday avaylasalar,bu orzuni ham avayladilar. Qizga birinchi sovchi kelgandagi Onaning quvonchini his qilish mumkinmi ? Mumkin emasdir... Qalbiga o'g'rincha mo'ralagan xavotir-chi..? Bo'lajak kuyov bola maqtaladi,qiz boradigan xonadon olqishlanadi...
Lekin "gaplari rostmikan,yigit solihmikin,yomonlarga aralashmaganmikin,onasi qizimni o'z qizidek bag'riga olarmikan? ...degan o'nlab xavotirli savollar onani iskanjaga olaveradi. Qiz kelinlik sarposini kiyib,jonajon uyi ostonasidan hatlab o'tganida Ota ko'zda yosh bilan duo qiladi. Bu ayriliq yoshlari emas,bu baxt ilinjidagi munojotning pokiza aksi. Duodagi yig'i Alloh bilan qalban bog'lanish isbotidir. Qalban bog'lanish bilan ushalgan orzu quvonchi ham zohir bo'ladi. Ayni nafasda Ota Ona yuragida ikkinchi orzu ham tug'iladi.
Birinchi orzuni avaylash-asrash ota-onaning vazifasi edi. Ikkinchi orzuning ushalishi endi kelin va kuyovga bog'liq. Qiz kelin bo'lib tushgan xonadonida o'zining chiroyli xulqi,g'ayratli xizmati,sadoqati va muhabbati tufayli qadr piyolasidan baxt sharbatini ichsa,bu onda dadasi va onasi baxt ummonida rohatlanib suzayotgan bo'lishadi.
Alloh ko'rsatmasin,agar qadr topmasa,baxt o'rniga xorlik jari yoqasiga kelib qolsa,dadasi va onasi ko'zlariga dunyo qorong'u bo'lib ko'rinadi. Do'zax azobi bu dunyoning o'zida boshlanib ketadi.
Qiz kelinlik libosida, "yor-yor" sadolari ostida ostona hatlab ichkariga bir qadam bosib,egilib salom berdi. O'zi bekacha bo'ladigan xonadonga bu salomi bilan ofiyat tilaydi,omonlik tilaydi. Bu bahtiyor kunlarga yetib kelolmagan o'tganlar ruhini yodladi,ularga Allohdan mag'firat tiladi. Bu salom bilan u o'ziga ham baxt tiladi. Salomiga alik oldilar-kelinga baxt tiladilar.
Ertaga "yomon qaynona " nomini oladigan xotin ham bu onda keliniga yomonlik istamaydi. U ham baxt tilaydi. Qayin egachi, qayin singil...xullas,barcha-barcha baxt tilaydi. Kelinning qalbi ham egnidagi libosi kabi oq-birovga yomonlik tilashdan juda-juda uzoq. Xatto,kunlar,oylar o'tib,qaynonasi adolatsizlik qilgan damda ham unga yomonlik istamaydi...
Duo hisobi minglardan,millionlardan oshsa ham kelin va kuyovda bu baxtga intilish bo'lmasa,yetolmaydilar. Ular bir saroy qurmoqchilar. Bu saroyning nomi- Baxt ! Poydevori-iffat,hayo, g'ishtlari- sabr va shukr, devori - Iymon, tomi-aql va iroda. Bezaklari- farosat,saxovat,mehr... Odamlar duo qilib yoshlarga omad tilashadi,xolos. Birov ularga bitta g'isht olib uzatmaydi. Aksincha,baxt saroyini qurishiga xalaqit beradiganlar topiladi. Agar yosh oila umrini ular bilan olishishga sarflasa,saroy qurilishi chala qoladi.
Mazkur kitobcha baxt saroyini qurayotganlarga qarata yozilgan. Bunday kitoblar shunchaki o'qib qo'yilmaydi. O'qib ,amal qilishgina yoshlarni chiroyli muddaoga yetkazadi. Yana bir gap: kitobchani o'qib barcha nasihatlarni aynan qabul qilaverish ham maqsadga muvofiq emas. Har bir maslahat ma'lum bir sharoitga ,holatga mos kelishi kerak. Ayrim fikrlarni mulohaza qilib,tahlil etib,oilaga mos xulosa chiqarishga uringan ma'qul.
Masalan,kamina boshqa kitoblarda ham qizning onasi zimmasidagi vazifalarni o'qiganman. Hayotda ham turli suhbatlarda eshitib turaman va ajablanaman: ona qizi kelin bo'lib tushgan uyga kamroq kelgani ma'qul,degan fikrni ko'pchilik ilgari suradi. Ayrim kuyovlar qaynonaning tashrifidan g'ashlanadilar ham. Mazkur kitobchada ham " Qizingizni uyiga ko'p bormang,hurmatingiz oshadi" ,deyilgan.
Nima uchun ko'p bormaslik kerak ?
" ko'p bormaslik" deyilganda har kuni borish nazarda tutilyaptimi yo haftada yo oyda bir borishmi? Muallif izohda " har kuni "deydi. Shubhasiz,har kun,har hafta kelish noo'rin va noqulay. Bu masalada oila sharoitiga qarash kerak.
" Baxtli oila saroyini qurayotganlarga to'rt maktub"ni o'qigach,bir oz muddat fikrlang,kitobni diqqat bilan qayta va qayta o'qib chiqsangiz yanada yaxshi. Ana shunda kitobdan olinadigan ma'naviy quvvat kuchayadi va qurayotgan saodatli oila saroyingizga bir g'isht qo'ygan bo'lasiz.
Tohir Malik,
O'zbekiston xalq yozuvchisi