a) Abdulloh ibn Salomning tarjimai holi.
Uning to‘liq ismi Abu Yusuf Abdulloh ibn Salom ibn Al-Horis Al-Isroiliy Al-Ansoriy bo‘lib, nasabi Yusuf ibn Ya’qub (a.s.)ning avlodlaridandir. Abdulloh ibn Salom Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Madinaga hijrat qilib kelganlaridan so‘ng Islomga kirgan. Imom Al-Buxoriy o‘z "Sahih"larining hijrat bobida Abdulloh ibn Salomning Islomga kirish voqeasini rivoyat qilganlar: "... Allohning payg‘ambari kelganlaridan so‘ng u kishining huzurlariga Abdulloh ibn Salom keldi va dedi: "Guvoxlik beramanki, albatta Siz Allohning elchisisiz. Albatta, Siz haqni keltirdingiz. Yahudiylar meni o‘zlarining ulug‘lari va ulug‘larining o‘g‘li, olimroqlari va olimroqlarining o‘g‘li, deb biladilar. Mening Islomga kirganimni eshitmaslaridan oldin, ularni chaqiring va men haqimda so‘rang. Agar Islomga kirganimni bilsalar, men haqimda yolg‘on gapni aytadilar". Payg‘ambarimiz (s.a.v.) odam yuborib, yahudiylarni chaqirtirdilar. Ular kelganda shunday dedilar: "Ey yahudiylar jamoasi, Allohdan qo‘rqinglar, yolg‘iz Alloh nomiga qasamki, sizlar shubhasiz men Allohning haq elchisi ekanimni va sizlarga haqni keltirganimni bilasizlar, shuning uchun Islomga kiringlar!"
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu so‘zni uch marta takrorladilar, ammo yahudiylar: "Biz hech narsa bilmaymiz",— deb inkor qilishdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ulardan: "Abdulloh ibn Salom oralaringizda qanday odam?" — deb so‘radilar. Ular barobariga: "Abdulloh ibn Salom bizning ulug‘imiz va ulug‘imizning o‘g‘li, olimrog‘imiz va olimrog‘imizning o‘g‘lidir",— deyishdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) yana so‘radilar: "Agar Abdulloh ibn Salom Islomga kirsa nima deysizlar?". Ular barobariga: "Bundan xudo asrasin, Abdulloh Islomga kirmaydi!"— deyishdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.): "Ey Abdulloh, chiq, bu yoqqa!"— dedilar. Abdulloh ibn Salom ichkaridan chiqib keldi va yahudiylarga dedi: "Ey yahudiylar jamoasi, Allohdan qo‘rqinglar, Yagona zot bo‘lgan Allohga qasamki, sizlar Uning payg‘ambar ekanligini va haqni olib kelganini yaxshi bilasizlar". Yaxudiylar barobariga: "Yolg‘on gapiryapsan",— deb Abdullohning so‘zini olishmadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ularni huzurlaridan chiqarib yubordilar (Al-Buxoriy. Bobul-hijrat, 5-j. 63-b.)