4. Ta'lim olish bilan birga ilmga amal qilishni niyat etish, aksini emas. Chunki ilm amal uchun asbobdir va amalsiz asbobni talab qilish behuda ishdir, xuddi ilmsiz amal bekor bo'lganidek.
Aytadilarki, amalsiz ilm uvoldir, ilmsiz amal zalolatdir. Ta'lim oluvchi Alloh taoloning roziligini, oxirat hovlisini talab qilishi, dunyoni istamasligi lozim. Agar ilm bilan Alloh taoloning rizoligi va oxirat hovlisini talab qilsa, ikkalasiga ham barobar etadi, xuddi Alloh taolo:
"Kim (o'z amali bilan) oxirat ekinini (ya'ni savobini) istar ekan, Biz unga ekinini(ng hosilini) mo'l-ziyoda qilurmiz. Kim dunyo ekinini istar ekan, Biz unga o'shandan (dunyo matolaridan) berurmiz va uning uchun oxiratda biron nasiba bo'lmas!" (Shuaro, 20) deb aytganidek.
Zayd ibn Sobit Payg'ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Kimning niyati dunyo bo'lsa, Alloh taolo uning ishini ajratadi va faqirlikni ikki ko'zi oldiga qo'yib qo'yadi, dunyoda unga Alloh taolo taqdir qilgan narsadan boshqasi kelmaydi. Kimning niyati oxirat bo'lsa, Alloh taolo uning ishlarini jamlab qo'yadi, boyligini qalbida qiladi, dunyo unga jirkanchli va xor bo'lib keladi".
Agar kishi niyatini to'g'irlashga qodir bo'lmasa ham, ilmni tashlab qo'ymasin, shu afzal ish, chunki ta'lim olaversa, ilm uning niyatini to'g'irlab qo'yishi mumkin.