Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 155227 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 41 B


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:10:02

Ma’lum bo‘ladiki, Lenin bu gaplardan butunlay bexabar ekan. Ammo bundan keyin ham tilla va brilliantlarni olib chiqib ketish davom etavergan. Yurovskiy go‘yo yangi-yangi qamashlarga ko‘rsatma bergan, unga endi Bokiy xalaqit bera boshladi. Petrogradda ulug‘ knyazlar bilan bo‘lgan mojarodan keyin Bokiy Moskvaga ishga o‘tkazilgan edi. Bu yerda u ChK kollegiyasining xodimi sifatida Goxran ishlarini nazorat qilardi. G’azab o‘tida yongan Lenin Bokiydan javob talab qiladi. U Bokiyning qanaqa odam ekanini va ishni ulgurji qilishini bilib olgandi. Uni vaqt-vaqti bilan fosh etib turish kerak edi. Shunda u qo‘lga kiritgan o‘ljalarini faqat bevosita boshliqlari bilangina emas, oliy rahbarlar bilan ham baham ko‘rardi. Qizig‘i shundaki, Yurovskiyning chaquvini Lenin ayni Bokiyga jo‘natgan va bu qanaqa gap ekanini tushuntirib berishni talab qilgan. Bokiy telefonnoma yuborish bilan cheklanib, Leninning so‘roviga dudmalgina javob bergan. 23 may kuni u Yurovskiyning ma’lumotlari, yumshoq qilib aytganda, juda mubolag‘ali deb aytgan. O’g‘irliklar chindan ham sodir bo‘lgan, lekin shunchalik mayda va arzimaski, bu to‘g‘rida gapirib o‘tirish ham ortiqcha, Yurovskiy aytgan hujjatlar masalasiga kelganda, ularning hammasi haqiqiy hujjatlardir, ular maxfiy hujjatlar sirasiga kiradi, lozim bo‘lsa, Leninning o‘zi bunga ishonch hosil qilishi mumkin. Allaqachon Goxranda mayda o‘g‘irliklarni imkoni boricha kamaytirish tadbirlari ko‘rib qo‘yildi. Ammo, deb ta’kidlaydi Bokiy, - Goxranda hozirgi xodimlar bor ekan, o‘g‘irlikka butunlay barham berishning iloji yo‘q. Bu gapi bilan Bokiy Yurovskiyga shama qilayotgan ko‘rinadi.

Bu ishda Leninning o‘zini tutishi bir oz g‘alatiroq. 1921 yil 24 mayda u Bokiyga asabiy bir maktub yo‘llaydi. Bu maktubda Yurovskiy tilga olgan go‘yoki qalbaki bo‘lgan hujjatlar va ularda o‘zining hamda Gorbunovning imzolari bor ekani tilga ham olinmaydi. «O’rtoq Bokiy! Siz jo‘natgan telefonnomani oldim. Mutlaqo qanoat hosil qilmadim. Bunaqasi ketmaydi. Siz bu ishni sinchiklab taftish qilib chiqishingiz va menga aniq ma’lumotlar berishingiz kerak. Siz bo‘lsangiz «umumiy nigoh», «mubolag‘a», «o‘g‘irlikka butunlay barham berishning imkoni yo‘q» (??!!) degan gaplarni gapirasiz. Bu doklad emas, bema’nilikdir.
1) Menga hamma mas’ul shaxslarni nomma-nom ayting.
2) Ish qanday tashkil qilinganini ayting.
3) Hamma o‘g‘irliklarni sanab ko‘rsating, hammasi aniq bo‘lsin, qachon, qancha o‘g‘irlangan?
4) Ishlayotganlarning hammasi qancha? (Ularning tarkibi? Staji? va h. k.).
5) Bu yerdagi o‘g‘irliklarni to‘xtatish uchun qanaqa tadbirlar ko‘rilyapti?
6) U yerda qachon sud bo‘lgan (IV, 1920)? Hamma yirik sud majlislari? Qancha odam jazolangan? Buni olganingiz haqida va ijro etish muddati to‘g‘risida meni ogoh qiling.
XKS Raisi V. Ulyanov (Lenin)».

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:11:23

VChKning taftish o‘tkazishini kutmay, Lenin 29 may kuni Moliya Xalq Komissarining muovini Alskiyga maktub yo‘llaydi. U bu ishga yaqinda o‘tkazilgan bo‘lib, ilgari ChKning hisob-taqsimot bo‘limida mudir bo‘lib ishlagan edi. Alskiy (yana bir familiyasi Malskiy) ishonsa bo‘ladigan odam, Parvus maktabini ko‘rgan, Lenin bilan birga Rossiyaga 1917 yil aprelida kelgan, o‘z ishini yaxshi biladi.

Lenin unga Goxrandagi tartiblarni mustahkamlash to‘g‘ri-sida shaxsan o‘zi tuzgan qo‘llanmani jo‘natadi. Qo‘llanma do‘q-po‘pisalarga ham to‘la bo‘ladi. Leninning fikricha, Alskiy ularni tushunmasligi mumkin emas: «O’rtoq Alskiy! Men uchun tayyorlangan quyidagi dokladga e’tiboringizni jalb etmoqchiman. Uni o‘rtoq Dzerjinskiy bilan kelishilgan holda men tomondan maxsus vakil qilingan VChK xodimi tayyorlagan. Goxranda ahvol yomon.

Bu masalaga sizning juda jiddiy e’tibor bermog‘ingizni so‘rayman. Birinchi navbatda siz, keyin Moliya Xalq Komissarligi kollegiyasining hamma a’zolari va o‘rtoq Bash maxsus Goxranga o‘n barobar ortiqroq e’tibor bilan qarashlaringiz talab qilinadi. Agar qisqa muddatda Goxrandagi ishlar butunlay yangidan tashkil qilinmasa va buning natijasida o‘g‘irlik qilish imkoniyatlariga butunlay xotima berilmasa, ayni choqda, hamma ishlar tezlashtirilib, ko‘lami kengaytirilmasa, Narkom muovini va Moliya Xalq Komissarligi kollegiyasining hamma a’zolari nafaqat partiyaviy, balki jinoiy javobgarlikka xam tortiladi. Goxrandagi ishlar sust boradigan bo‘lsa (qishda ishlash qiyin, qishgacha ko‘p narsani qilib ulgurish kerak), bu yerdagi o‘g‘irlikka xotima berilmasa, bundan Respublika juda katta talafot ko‘rmoqda, negaki, ayni hozirgi paytda - og‘ir kunlarda biz xorij bilan tovar almashish uchun juda tez sur’atlarda imkoni boricha katta mablag‘ni qo‘lga kiritmog‘imiz kerak. (Bu satrlar esingizda tursin, biz hali ularga yana qaytamiz - I. B.)
Quyidagilarni bajarish zarur:

1)  Goxran ishlarini zudlik bilan qayta qurish uchun o‘rtoq Bokiy bilan tez-tez kengashlar o‘tkazib turish kerak.
2)  Goxranni qo‘riqlash va nazorat qilishni benihoya mukammallashtirish lozim (maxsus to‘siqlar, kiyim-kechak uchun javonlar, maxsus to‘silgan kiyinish joylari, qo‘qqisdan qilinadigan tintuvlar, jinoiy qidiruv san’atining hamma qoidalariga amal qilgan holda ikki qayta va uch qaytalab o‘tkaziladigan tekshiruvlar va h.k.).
3) Zarur bo‘lgan hollarda Moskvadagi o‘nlab va yuzlab mas’ul hamda halol kommunistlarni bir oyda bir marta yo ikki marta qo‘qqisdan o‘tkaziladigan kunduzgi va tungi taftishlarga jalb qilmoq lozim. Xodimlarga ham, taftishchilarga ham beriladigan qo‘llanmalar imkoni boricha batafsil bo‘lsin.
4) Moliya Xalq Komissarligi kollegiyasining hamma a’zolari bemustasno ravishda oyda kamida bir marta qo‘qqisdan kechasi va kunduzi Goxranda xodimlarning ish joyida va o‘g‘irlik bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarda shaxsan taftish o‘tkazishlari shart.
Bu qog‘oz maxfiy bo‘lgani uchun, uni darhol menga qaytarib yuborishingizni talab qilaman, unga Moliya Xalq Komissarligi kollegiyasining hamma a’zolari tanishganlari haqida imzo cheksin.
29. V. XKS Raisi V. Ulyanov (Lenin).
(P.S. 5. Agar Chutskaev ketib qolmagan bo‘lsa, u ham o‘qib chiqsin, uning ham gunohi kichkina emas!)»

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:12:42

Bu hujjatda Lenin qanaqa «juda katta talafot» haqida gapiryapti? Yana uni maxsus ta’kidlab qo‘yibdi. Nahotki, yukchilar, narx qo‘yuvchilar, saralovchilar kabi mayda xizmatchilarning o‘g‘irliklari Goxranda «juda katta talafotni» keltirib chiqarishi mumkin? Axir, bu yerdagi xodimlarning hammasi har bir daqiqada jinday kirdikorlari uchun qamoqqa olinishi va otib tashlanishi mumkinligini yaxshi bilishardi-ku?! Goxranda ishlaydiganlarning deyarli hammasi ayni choqda VChKning xodimi edi. Shunday bo‘lgach, yana qanaqa taftishu tekshirishlarga hojat bor? Nihoyat, Lenin Alskiyga shama qilib, «imkoni boricha katta mablag‘ kerak» degan tovar ayirboshlash shu paytlarda qaysi xorijiy mamlakat bilan sodir bo‘lmoqda edi? Bu savollar har qancha sirli ko‘rinmasin, javoblari unchalik ham yashirin emas.

1920 yilning oktyabr oyidayoq o‘zini ozmi-ko‘pmi dadilroq his qilgan Lenin «Xorijga antiqa boyliklarni sotish to‘g‘risida»gi dekretga imzo chekadi. Bu dekret bilan u Rossiyaning milliy boyliklari xorijga ko‘chishiga imkoni boricha oshkora tus bermoqchi bo‘lgan. Sababi shundaki, shunga qadar amalga oshirilgan maxfiy operatsiyalar ancha-muncha qaltis bo‘lib, xarajati ham qimmatga tushardi. Ovrupoga «ekspert komissiyasi» jo‘natiladi, unga «haddan ziyod ishonchli» odam Rakitskiy boshchilik qiladi.

Parijda, Londonda va Florentsiyada dastlabki kim oshdi savdolari uyushtiriladi. Ular juda katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Katta janjal kelib chiqadi. Negaki, kim oshdiga qo‘yilgan buyumlarning egalarini ko‘pgina odamlar tanir edi. Buyumlarning sobiq egalari otib tashlangani yoki bedarak yo‘qolganidan ham xabardor edilar. Ammo hech kim antiqa buyumlarning g‘ayriqonuniy sotilayotganini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsata olmadi. Shu sababdan ish sudgacha yetib bormadi. Savdoga qo‘yilgan buyumlar bag‘oyat noyob bo‘lgani va narxi juda arzon bo‘lganidan kim oshdiga juda ko‘p odam yig‘ildi. U juda katta daromad berishi kerak edi. Yuzlab firmalar Leninning «ekspertlari»ni quchoq ochib kutib oldi va talonchilikda sherik bo‘lish istagini bildirdilar. Bu paytga kelganda Rossiyada musodara qilingan qimmatbaho buyumlarning miqdori minglab tonnalab, ko‘pincha esa kubometrlab o‘lchangan. Bir masala to‘g‘risida Ovrupo gazetalari avvaliga taajjub bilan yozishdi, keyin esa bu «oshkora» savdoda ishtirok etuvchilarning hammasi masalaning bir jihatiga e’tibor berishdi. Gap shunda edi-ki, kim oshdi savdosida tushgan pullarning hammasini sovet ekspertlari Rossiyaga jo‘natishni emas, Ovrupo va Amerika banklariga o‘tkazishni iltimos qilishdi. Ba’zi bir ekspertlar kim oshdida sotilgan narsalarning pulini naqd olishdi - ularning chemodanlari qog‘oz pullarga to‘ldi. Ish olamshumul ko‘lam kasb eta boshladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:13:14

Bu davrga kelib, lenincha nomenklaturaning shakl-shamoyili ancha namoyon bo‘lib qolgandi. Uning a’zolari dab-durustdanoq o‘zining haddan tashqari behayoligi va ochko‘zligini ko‘rsatdi. Markazqo‘m a’zolarining ko‘pchiligi qadimiy qasrlarda istiqomat qilardi. Ular qimmatbaho uy anjomlarini, tilla va kumush idishlarni, noyob gilamlarni, shuningdek, qadimiy ustalarning zalvorli oltin ramkalardagi rasmlarini jon-dillaridan yaxshi ko‘rishardi. Shinel bilan ityoqa ko‘ylaklar ular uchun allanechuk maxsus kiyimlar vazifasini o‘tardi. Qasrlarda, hatto, burungi zamonlarda xizmatkorlik hadisini olgan odamlar ham ishlashar edi. Moskva yaqinidagi knyaz Yusupovning qasrida Trotskiy istiqomat qilardi. Bu yerda, hatto, sobiq kornetlardan chiqqan abjir ad’yutantlar bor edi. Ular shaxdam qadam tashlab, kelishtirib chest berishar va eskichasiga sochlarining o‘rtasidan farqi ochilgan boshlarini bejirim egib turishardi.

Lenin garchi bu ishlarga kulib qarasa-da, lekin hech qaysisiga qarshilik ko‘rsatgan emas, negaki uning o‘zi o‘sha odamlardan a’lo emas edi. Har kuni Markaziy Qo‘mita oshxonasining talabnomalari va Kremldagi xizmat ko‘rsatuvchi har xil sohalarning qog‘ozlarini imzolar ekan, Lenin ularga berilayotgan oziq-ovqatlarning xillarini diqqat bilan kuzatib turgan. Bu ovqatlarning xillariga, albata, uvulduruqning uch navi, go‘shtning xilma-xil navlari, kolbasa, pishloq, tansiq baliqlar, Lenin o‘zi juda yaxshi qo‘radigan sho‘r bodringlar, qo‘ziqorinlar, uch xil kofe kirgan.

Xushta’m ovqatlar bobida Leninning suyagi yo‘q edi. Har kuni o‘n minglab odamlarning hayotini olib ketayotgan beqiyos ochlik vaqtida u Gorbunovga tanbeh berib, «kecha uvulduruq jinday hidlanib qolibdi», «qo‘ziqorinning suvi aynab qolgan ekan», «oshpazni bir hafta qamab qo‘yilsa chakki bo‘lmas edi», degan gaplarni bemalol aytavergan. Ulug‘ knyaz Sergey Aleksandrovichning Moskva yaqinidagi Gorki qishlog‘ida joylashgan qasri Leninning tasarrufiga o‘tdi. Qishloqning hamma aholisi ko‘chirildi. Bo‘shab qolgan uylariga «baynalmilalchi»soqchilar joylashdi. Ularning hammalarini bugun negadir birvarakayiga «latish o‘qchilari» deb atashadi. Holbuki, bu soqchilar safida bor-yo‘g‘i yigirmata latish bor edi, xolos.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:13:42

Bunaqa hayot, albatta, juda xush yoqar edi va hech kim undan mahrum bo‘lishni istamasdi. Shuning uchun Leninning hamma boyliklarini, avval, «jahon inqilobi» manfaatlari yo‘lida xorijga o‘tkazib, undan so‘ng juftakni rostlab qolish haqidagi dastlabki rejasidan xabardor bo‘lgan a’yonlar «qochish uchun hech qanaqa asos yo‘q» degan ma’noda dohiyga muntazam tazyiq o‘tkazib keldilar. Rossiyada «sotsializm» qurishda davom etish kerak — buni amalga oshirish yo‘llari juda yaxshi ishlab chiqilgan: musodara va otuv. Lenin har gal bu fikrlarga qo‘shilar edi. Hatto, 1921 yilning martida ham u o‘zining nutqlari va maqolalarida partiyaning aqidalari hamda siyosatida hech qanday zaiflashish va o‘zgarish bo‘lmaydi, deb safdoshlarini ishontirgandi.

«NEP»ning e’lon qilinishini, ya’ni mamlakatning ozmi-ko‘pmi madaniylashgan rivojlanish yo‘liga o‘tkazilishini ko‘plar «sotqinlik» deb, taslim bo‘lish va «qochishga tayyorgarlik ko‘rishga» chaqiriq deb qabul qildi. Lenin buning aksini isbot qilishga har qancha urinmasin, hamma uning tuturiqsizligi, mug‘ombirligi va ayyorligini yaxshi bilib qolgan edi. ChKning egri-bugri yo‘laklari bo‘ylab bir fikr ilonday vishillab o‘rmalay ketdi. «Ilichni oradan ko‘tarish kerak». ChK qimmatbaho buyumlarni Goxrandan o‘zining maxfiy omborlariga ko‘chirish operatsiyasini boshlab yubordi. Boshqacha aytganda, mamlakatda qolmoqchi bo‘lganlar mamlakatni tark etmoqchi bo‘lganlardan o‘z ulushini ola boshladi. Ammo Leninning hokimiyati hali ancha qudratli edi. Bundan tashqari, ChK bilan Markazqo‘m o‘rtasida ham yakdillik yo‘q edi, ayni shuning oqibatida Leninning qattiq g‘azabini qo‘zg‘agan Yurovskiyning chaquvi paydo bo‘lgan edi.

Gleb Bokiy buyruqqa binoan tergovni boshladi. Birinchi bo‘lib Goxran xodimi Yakov Shelexes qamoqqa olindi va o‘g‘irlikda ayblandi. U Yurovskiyning do‘sti edi. Ularning ikkovi ham inqilobgacha zargar va soatsoz bo‘lishgan. Shelexesdan tez orada kerakli ko‘rsatmalarni ola boshlashdi. Yurovskiy Leninning huzuriga yugurdi va Lenin darhol Shelexesni ChKning changalidan qutqarishga urina boshladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:14:19

1921 yilning 8 avgustida u Dzerjinskiyning muovini va Bokiyning bevosita boshlig‘i Unshlixtga maxfiy maktub yo‘llaydi:

«VChKga. O’rtoq Bokiyga. Fuqaro Yakov Savelevich Shelexesning qamoqqa olinish sabablarini so‘rayman. Sud bo‘lgunga qadar uni partiyadosh o‘rtoqlari kafillikka olib tursa yoxud VChK hibsxonasidan Butir turmasiga o‘tkazib tursa bo‘ladimi?
XKS Raisi V. Ulyanov (Lenin)».

Yo‘q, ovora bo‘lasiz! Shelexesning qamalishi leninchi-bolsheviklar safida chinakam sarosimalik tug‘dirdi. Ammo VChK, ehtimolki, o‘zi bino bo‘lgan kundan beri birinchi martadir, vahimaga tushgan dohiyning oh-vohini eshitmayotganga soldi. Leninning maktubiga Unshlixt shunday sharh yozdi:

«O’rtoq Bokiy! Zudlik bilan menga ma’lumotnoma bering...» Xuddi shu qog‘ozning o‘ziga Bokiy Lenin nomiga butun boshli bir maktub yozgan. Tergovni boshlash haqida Leninning o‘zi buyruq berganini eslatib, Bokiy o‘z taajjubini izhor qiladi - nega endi hozir - o‘g‘irlik qilgan odam fosh etilib, qamoqqa olinganda va sheriklarini aytib berayotgan bir paytda unga, ya’ni Bokiyga ochiqchasiga tazyiq o‘tkazib, Shelexesni jazodan qutqarib qolishga urinilmoqda? Shelexes haqida, deb ta’kidlaydi Bokiy tajanglik bilan, har kuni o‘n martalab so‘rashadi. Bu ishga xalaqit bermoqda. Balki, deb oshkora tahqir ohangida savol beradi Bokiy, — Lenin bilan Shelexes o‘rtasida unga, ya’ni Bokiyga ma’lum bo‘lmagan qaidaydir aloqalar bordir? Bo‘lmasa, Lenin nima uchun jon kuydirib uni himoya qilyapti va qutqarmoqchi bo‘lyapti? Maktubining oxirida Bokiy Lenindan «Goxran ishi bo‘yicha bo‘layotgan har xil tazyiqlar va talabnomalarga e’tibor bermaslik uchun ijozat so‘raydi» va Leninning so‘roviga kesib javob beradi: «Tergov davomida sudga qadar ozodlikka chiqarish mumkin emas deb hisoblayman».

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:15:18

Leninning g‘azabi oshib-toshadi. U endi haddidan oshgan surbet ijrochilarga bevosita VChK raisi — Feliks Dzerjinskiyning o‘zi orqali ta’sir ko‘rsatishga harakat qiladi. Ammo Dzerjinskiy bilan Bokiy avvaldan topishgan, bir-birining tiliga tushunishadi. Mug‘ombir Dzerjinskiy gap nimadaligidan yaxshi xabardor, lekin shunday bo‘lsa-da, Leninning jonini xalqumiga keltirib, xunob qiladi: «Axir, o‘zingiz buyurgansiz-ku, Vladimir Ilich? Bu Shelexes deganlarining begunoh ekaniga nega buncha ishonmasangiz?» Dzerjinskiy Leninga va’da berib, Shelexesning ko‘rsatmalari ChKda go‘rga tiqilishini (Shelexes bilan birga) aytadi. Lenin sherigini qutqarishning iloji yo‘qligini tushunadi, ChK anchadan beri o‘ziga qarshi ham materiallar yig‘ib yuribdi. Sarosima ichida u Bokiyga maktub yozib, nega Shelexesning taqdiriga qiziqayotganini va uning qismatini yumshatmoqchi bo‘layotganini zo‘rma-zo‘raki tushuntirmoqchi bo‘ladi:

«1921 yil 9 avgust.
O’rtoq Bokiy!
Shelexes (Yakov Savelevich) haqidagi maktubda siz «hatto Leningacha uning tashvishida yurishibdi» deb yozasiz va Goxran ishi bo‘yicha bo‘layotgan har qanaqa tazyiqlar va talabnomalarga mutlaqo e’tibor bermaslikka ijozat so‘raysiz.
Bunga ijozat berolmayman.
Men tomondan yuborilgan so‘rov na «tazyiq», na «talabnoma», na birov dardidagi «tashvish emas.
Modomiki, menga biror ishning to‘g‘riligiga shubha bor ekanini aytishganda, bu masalani so‘rov yo‘li bilan aniqlash burchimdir.
Siz menga bor gapni aytishga majbursiz, «dalillar yoki fosh qiluvchi ashyolar bor», «ular falondaqa, pistondaqa, juda jiddiy» demog‘ingiz lozim. Men «ozod etishga», «yumshatishga» va h.k., va h.k.larga qarshiman.
Shunday tarzda siz menga masalaning mohiyati bo‘yicha javob bermog‘ingiz kerak.
Talabnoma va «tashvishlar»ni rad etishingiz mumkin, «tazyiq» g‘ayriqonuniy harakat. Ammo takroran aytaman — XKS Raisining so‘rovini talabnoma, tashvish va tazyiq bilan aralashtirib yuborishingiz xatodir.
XKS Raisi V. Ulyanov (Lenin)».

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:16:33

Xo‘p, yaxshi, yaxshi. Kechirasiz Vladimir Ilich. Biz sizga aslo pand bermoqchi emasmiz. Ammo siz ham, marhamat qilib, bizning ishimizga aralashmang-da! Axir, gap nimada ekanini o‘zingiz yaxshi bilasiz-ku! Axir siz o‘zingiz 1921 yilning aprelida, bizga quyidagi maktubni yuborgan edingiz:

«Mutlaqo maxfiy!
O’rtoq Unshlixt va Bokiyga! Bu ish emas, rasvogarchilik! Bunaqa ishlab bo‘lmaydi. Nimalar deb yozayotganlariga qiziqib ko‘ring. Zarur bo‘lsa, Moliya Xalq Komissari va o‘rtoq Bash bilan birga o‘g‘irlik qanday sodir qilinayotganini toping.
Qog‘ozlarni maxfiyligi sababli ilova bilan o‘z fikringizni qo‘shib darhol menga qaytaring.
24. IV. XKS Raisi Lenin».

Ilova «Nyu-York tayms» gazetasidan qirqib olingan parcha edi. Uning tarjimasi ham bor bo‘lib, yozuviga qaraganda tarjimani shaxsan Leninning o‘zi qilgan:
«Bolshevistik Rossiyadagi «ishchi» rahbarlarning ko‘zlagan savdoyi orzusi ikkinchi Horun ar-Rashid bo‘lishga urinishga o‘xshaydi. Faqat farqi shundaki, afsonaviy xalifa behisob boyliklarini Bag‘doddagi o‘zining qasrida yerto‘lalarda asragan, bolsheviklar esa, aksincha, barcha boyliklarini Ovrupo va Amerika banklarida saqlashni afzal ko‘radilar. Bizga ma’lum bo‘ldiki, faqat o‘tgan yilning o‘zida bolshevik rahbarlarining hisobiga quyidagi pullar tushdi:

Trotskiydan AQShning faqat bitta bankiga 11 million dollar va Shveytsariya bankiga 90 million shveytsariya franki;
Zinovevdan Shveytsariya bankiga 80 million shveytsariya franki;
Uritskiydan Shveytsariya bankiga 85 million shveytsariya franki;
Dzerjinskiydan 80 million shveytsariya franki;
Ganetskiydan 60 million shveytsariya franki va 10 million AQSh dollari;
Lenindan 75 million shveytsariya franki.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:17:06

Aftidan «jahon inqilobi»ni «jahon moliyaviy inqilobi» deb atasak to‘g‘riroq bo‘ladi, shekilli. Bu «inqilob»ning butun ma’nosi shundan iboratki, jahonning pulini yigirma-o‘ttizta odamning joriy hisobiga o‘tkazish kerak. Lekin bularning baridan biz bitta bemazaroq xulosa chiqaramiz: Bolsheviklar nuqtai nazaridan Shveytsariya banklari Amerika banklariga qaraganda har qalay, ishonchliroq bo‘lgan. Hatto, marhum Uritskiy ham pullarini shu yerda saqlashda davom etadi. Shunday ekan, biz o‘zimizning moliyaviy siyosatimizni uni ko‘proq federallashtirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqishimiz kerak, degan xulosa kelib chiqmaydimi?»

Tergov shiddat bilan boshlandi. Moskvada «Assoshieyted Press» agentligining muxbiri, Amerika fuqarosi Margarita Garrison josuslikda ayblanib qamoqqa olindi, bir oz o‘tgandan so‘ng Moskvaga Amerika sotsialistik ishchi partiyasidan Kominternning III Kongressiga vakil bo‘lib kelgan Amerika jurnalisti Adolf Karm qamoqqa olindi. Amerika fuqarolaridan yana bir necha kishi bandi qilindi. Ularning hammasi harbiy va siyosiy xarakterdagi razvedka materiallari to‘plashda ayblandilar. «Nyu-York tayms» — Amerika gazetasi, shunday bo‘lgach, uning kirdikorlariga amerikaliklar javob berishi kerak.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:17:35

Bunday mulohaza zamiridagi temir mantiqqa qaramay, Leninda boshqa bir fikr paydo bo‘ldi. Bu voqealar jarayonida VChKsi tushmagur o‘g‘irlik izlarini qidirayotgani yo‘q, balki ana shunday oddiy mug‘ombirlik bilan Leninning Amerika senatori Frens, injener Vanderbild va korchalon Xammer bilan bo‘ladigan muzokaralariga rahna solmoqchiga o‘xshaydi. Aytgancha, VChK bergan ma’lumotnomaga ishonib Lenin Vanderbildni milliarder deb hisoblab yurgan edi, holbuki, u oddiy injener ekan. Dohiyning dohiyona kallasida Rossiyaning jamiki yerosti boyliklarini sotish fikri paydo bo‘lib qoddi va u zo‘r berib «kontsessiyalar» haqidagi o‘z g‘oyasini targ‘ib qila boshladi. Chet ellarda turmaga tushib qolgan fuqarolarni qutqarib olish uchun hamisha imkoni bor jamiki xatti-harakatni qiladigan amerikaliklar Lenin bilan ko‘proq Karm va Garrisonni ozodlikka chiqarish to‘g‘risida gaplashishdi. Ular masalaning mohiyati haqida kamroq gaplashishdi, holbuki bu mohiyat ular uchun g‘oyatda qiziqarli va aql bovar qilmaydigan darajada daromadli edi... Ma’lum bo‘ldiki, Margarita Garrison Merilend shtati gubernatorining singlisi ekan, muzokaralar olib borayotgan Frens bo‘lsa, shu shtatning senatori bo‘lib chiqdi. Bularning bari Leninni tergovni shaxsan o‘z nazorati ostiga olishga majbur qildi va Lenin bir zumda chekistlar «o‘yin» qilayotganiga amin bo‘ldi. Amerikaliklarni qo‘yib yubordilar. Leninga ayon bo‘ldiki, «o‘g‘irliklar»ning izlanayotgan izlari to‘g‘ri ChKning ich-ichiga singib ketgan. Endi esa «o‘g‘irlik»ning bosh aybdori sifatida unga Shelexesni ro‘para qilishyapti.

Tilla bilan hokimiyat Leninning qo‘lidan sirg‘alib chiqib ketmoqda edi. Partiya bilan uning jangovar otryadi bo‘lmish VChK Leninni chetlab o‘tib, ikki lagerga bo‘linib ketibdi. Ular ikkita qudratli siymo — Trotskiy bilan kuchayib kelayotgan Stalin tevaragiga uyushishgan. Bu ikki siymoda bir-biriga zid ikki tamoyil mujassamlashgan — ularning biri o‘ljani olib qochish payida, ikkinchisi esa shu yerda qolib sotsialistik davlat qurish niyatida. Shunisi borki, hali bu mamlakatning hamma bor-budi shilib olingani yo‘q. Raqiblarni faqat bir narsa birlashtirib turadi - har ikkovining ham «NEP»ga toqati yo‘q edi. Lenin bularning barini juda yaxshi ko‘rib turar va bir-biriga dushman to‘dalarni yarashtirishning iloji bo‘lmasa, loaqal o‘zining tevaragiga yana jipslashtirish uchun mudom harakat qilardi. Lekin Shelexes ishi dohiyga yomon pand berdi. U jazavaga tushadi, so‘roq qaydnomalarini o‘ziga yuborishlarini talab qiladi, ammo ChK dohiyning ko‘rsatmalarini bajarishga sira oshiqmaydi.

Qayd etilgan