Darhaqiqat, shaytonning yo‘llaridan xufyonalari uchun bir necha misollarni zikr qildik. U ulamolar va shahvatlariga hukmlarini o‘tkaza oladigan, zohiriy gunohlardan o‘zlarini tiya oladiganlar aldanib qoladigan yo‘ldir. Endi shaytonning maxfiy bo‘lmagan, ochiq, lekin odamni undan yurishga majbur qiladigan yo‘li uchun ham bir misol keltiraylik. Bunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytgan hadislarni zikr etamiz. U zot sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Bani Isroil qavmida bir rohib bo‘lgan edi. Shayton bir qizning oldiga borib, uni bo‘g‘di. U qizning davosi rohib huzuridaligini qizning yaqinlari qalbiga soldi. Qizni rohib oldiga olib borishdi. U qizni qabul qilishdan bosh tortdi. Lekin ular ibodatgo‘y rohibga yalinib turib olishdi. Shunda uni qabul qilishga rozi bo‘ldi. Uni davolash uchun oldiga borganida shayton kelib, qizga yaqinlik qilishni chiroyli ko‘rsatdi. Oxiri u bilan jinsiy aloqada bo‘ldi. U qiz rohibdan homilador bo‘ldi. Obidga shayton vasvasa qilib: «Endi sharmanda bo‘lasan, hozir oldingga qizning yaqinlari keladi. Bas, qizni o‘ldir, agar sendan so‘rashsa, o‘zi o‘lib qoldi, deb aytgin», dedi.
Rohib qizni o‘ldirib, dafn qildi. Shayton esa uning ahli oldiga borib, rohib qizni homilador qilib, keyin o‘ldirganini va dafn etganini ularning qalblariga vasvasa qildi. Rohibning oldiga qizning oilasi kelib qizlari haqida so‘rashdi. U: «Qiz o‘lib qoldi», dedi. Shunda ular rohibni o‘ldirish uchun ushlashdi. Uning oldiga shayton kelib: «Qizni bo‘g‘ib kasal qilgan ham men, uning oilasi qalbiga (senga olib kelishni) solgan ham men, menga itoat qil, najot topasan. Ulardan seni xalos qilaman», dedi. Shunda rohib: «Nima narsa bilan (senga itoat qilay)?» dedi. Shayton: «Menga ikki bor sajda qil», dedi. Bas, rohib uning uchun ikki bor sajda qildi. Unga shayton: «Men sendan bezorman», dedi» (Ibn Abud-Dunyo rivoyati).