55-bob. G’azot chog‘ida Olloh taolo yo‘lida qo‘riqchilik (posbonlik) qilmoq haqida
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (dushman xavf solib turgan kezlarda tunlarni) bedor o‘tkazar erdilar. Madinaga kelganlarida: «Shoyad (qani endi), solih sahobalarimdan biri meni bu kecha quriqlasa!» — dedilar. Shu zahotiyoq qurol-yarog‘ning (bir-biriga tekkanda chiqadirgan) ovozini eshitdik. Janob Rasululloh: «Kim bu?» — dedilar. (Kelayotgan odam): «Bu men, Sa’d. ibn Abu Vaqqosman, sizni qo‘riqlagani kelayotirman», — dedi. So‘ng, (Sa’d ibn Abu Vaqqos kelib, posbonlik qildilar), Janob Rasululloh ersalar yotib uxladilar».
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Dinor bandasi, dirham bandasi va qorin bandasining beti qursin! Agar (bunday odamga biror narsa) berib tursang, sendan rozi bo‘lur va agar bermay qo‘ysang, (baloi nafsi qo‘zg‘ab, sendan) darg‘azab bo‘lur-da, ko‘lini yuvib qo‘ltig‘iga urur. Agar unga tikon kirsa, (ochko‘zligidan hatto tikonni ham) sug‘urib tashlamas! (Boylik to‘plashga va yeb-ichishga ruju’ qilmay), Olloh taolo yo‘lida otining jilovini tutgan va (shu yo‘lda) sochlari to‘zib, oyoqlari chang bo‘lgan bandaga Tubo (jannat va undagi daraxt ismi) nasib bulsin! (Bunday odam), agar (dushman xavfidan ogoh qilmoq uchun qo‘shin oldida) quriqchilik qilib turgan bo‘lsa, (bu uning uchun eng ulug‘ va savobovar ish bo‘lib, bundan yuqoriroq martabani ko‘zlamay, sadoqat birla) qo‘riqchilik qilur va agar u (qo‘shin ortida) quriqchilik qilib turgan bo‘lsa (ham, aynan shunday) quriqchilik qyilur. (Kimki shu yo‘lni o‘ziga lozim topgan bo‘lsa, demak u shunga munosib bo‘lib), agar (biror boshqa amalga) izn surasa, izn berilmas va agar (odamlarni o‘rtaga qo‘yib) shafoat tilasa, shafoati qabul qilinmas!».