TURLI MAVZULARDA O’GITLAR VA ODOBLAR
Ey, farzand!
Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Bir kishi bir musulmonni shar’iy bo‘lmagan ishdan qaytarib, to‘g‘ri yo‘lga da’vat aylasa, qiyomat kunida Alloh taolo o‘sha kishini payg‘ambarlar bilan birga hashr etadi (qayta tiriltiradi)».
Yana Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Bir kishi bemor ziyoratiga borib, hol so‘rasa, shu kuni kechgacha yetmish farishta o‘sha kishi uchun mag‘firat tilaydi».
Bir hadisi shariflarida hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Bir kishi bemor bo‘lgan paytda Alloh o‘sha kishiga uchta farishta yuboradi, biri bemorning og‘iz totini, ikkinchisi kuch-quvvatini, uchinchisi gunohlarini oladi. Qachonki, o‘sha xasta tuzala boshlasa, og‘iz mazasini olgan farishta og‘iz totini sekin-sekin qaytarib beradi. Kuch-quvvatini olgan farishta ham olganini sekin-asta qaytaradi. Og‘ziga ta’m, taniga kuch kirib, kishi tuzalgach, gunohlarini olgan farishta Alloh taologa shunday murojaat etadi.
«Allohim! Men ham olganim — uning gunohlarini asta-sekin o‘ziga qaytarib berayinmi?»
Alloh marhamat etadi:
«Ey, Mening farishtam! Rahmatim har nedan ziyoda va har narsani qamrovchidir. Bir qulim xasta bo‘lgach, gunohini olib, tuzalgach gunohini qaytarib berish Menga yarashmaydi. O’sha bandamning gunohlarini dengizga to‘k!»
Ey, farzand!
Senga bir narsa berganga sen ham bir narsa ber. Senga yomonlik qilganni kechir. Senga xiyonat etganga, yaxshi so‘z ayt. Chunki barcha payg‘ambarlarning axloqi shunday edi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Abu Hurayraga(r.a) xitoban marhamat etadilar:
«Ey, Abu Hurayra! Xasta ziyoratiga bir mil uzoqlikda bo‘lsa ham borgaysan. Ahvolini yaxshilash uchun, ikki millik masofani o‘tish kerak bo‘lsa, mehnatingni ayamagaysan. Bir din birodaringni, qiyomatli do‘stingni ziyoratiga Alloh rizosi uchun uch millik uzoqlikda bo‘lsa ham borgaysan. Bilgandan bilmaganingni o‘rganmoq uchun esa uzoqlikni xayolingga keltirib o‘tirma.
Qancha mil uzoqlikda bo‘lsa bo‘lsin, bundan qolma, qaytma».
Yaxshilik sevar bo‘l! Qilgan yaxshiligingni Alloh rizosi uchun qil! Shunday qilsang, Alloh taolo mukofotini qat-qat bergay!»
Rasululloh (s.a.v.) Abu Hurayraga (r.a) xitoban marhamat etdilar:
«Ey, Abu Hurayra! Alloh taologa Jabroil alayhissalomday ibodatda bo‘lsang (ham), mo‘minlarni Alloh rizosi uchun sevib, munofiqlarni Alloh uchun yomon ko‘rmaguningcha birorta ibodating qabul qilinmaydi».
Mehmonni, musofirni ikrom etmoq ham jannatning kalitidir. Bu ochqichni qo‘lga kiritmoq mashaqqatli emas. Nasibasi va barokati bilan kelgan mehmon, keltirganining o‘ndan birini olib (yeb) ketadi. Qolgan to‘qqiz nasiba esa ikrom etgannikidir.