40- bob. Yangi uzilgan xurmo va xurmo qoqisi haqida
Olloh taoloning qavli: «Va qimirlat (silkit) xurmo daraxtini o‘z tarafinggaki, tushurur sanga yangi pishgan xurmoni».
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Xurmo birlan suvga endigina to‘yganimizda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafot etib qoldilar».
Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Madinada bir yahudiy bo‘lib, u xurmolarimni (pishganda) o‘ziga uzib olish sharti birlan menga qarz bergan erdi (Ruma degan quduq tomonda Jobirning xurmozori bor erdi) O’sha yili xurmozorimning hosili kechikib ketib, qarzimni uzolmadim. Yahudiy kelasi yil hosilini yig‘ishtirish paytida kelib erdi, xurmozorimga kirib qarzimni uzishga yetarlik xurmo ko‘rmadim. Shunda yahudiydan yanagi yil hosilini kutmog‘ini iltimos qildim, u ko‘nmadi. Keyin, shu haqda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga xabar qildim. Janob Rasululloh ashoblariga! «Turingizlar, biz Jobirga muhlat bersin, deb yahudiydan talab qilamiz!»— dedilar. So‘ng, Janob Rasululloh sahobalari birlan birga xurmozorimga keldilar-da, yahudiydan koyinib: «Ey Abulqosim, qani o‘zi u, uni ko‘rmayapman-ku?» — dedilar. Keyin, yahudiyga ko‘zlari tushgach, xurmozorimni bir aylanib keldilar-da, oldiga borib uni ko‘ndirishga harakat qildilar, u ko‘nmadi. Men o‘rnimdan turib biroz xurmo uzib keldim-da, Janob Rasulullohning oldilariga qo‘ydim, ul zot ularni tanovul qilgach, menga: «Xurmozoringning eng soya-salqin yeri qaerda?» — dedilar. Men o‘zim dam oladirgan eng soya-salqin joyni ko‘rsatdim. Janob Rasululloh: «Usha yerga joy solib ber!» — dedilar, men joy solib berdim. Janob Rasululloh yetib dam oldilar, so‘ng uyg‘ondilar. Men yana biroz xurmo uzib keldim. Ul zot ulardan tanovul Qilgach, o‘rinlaridan turib yana yahudiyni ko‘ndirishga harakat qildilar, ammo u ko‘nmay: «Ikkinchi (kelgusi) yil hosilini olmayman!» — deb turib oldi. Shunda Janob Rasululloh: «Yo Jobir, xurmolarni terib olib qarzingni uzgil!» —dedilar-da, terim tugaguncha kutib turdilar. Men (baraka kasb etgan) xurmolarni terib qarzimni uzdim, yana qanchasi ortib ham qoldi. Keyin, xurmozordan chiqib, Janob Rasulullohning qoshlariga keldim-da, bo‘lgan voqeani aytib xursand qildim. Ul zot: «Darhaqiqat, men Olloh taoloning rasulidurman!» — dedilar».