— Bular jinni bo‘lib qolgan... — xayoliga kelgan gapni beixtiyor ovoz chiqarib aytdi. Yigit bu gapni eshitib, qarab qo‘yganday bo‘ldi. Elchinning yana qitmirligi tutdi.
— Akalaring jinni bo‘lib qolishibdi.
Bu gapni aytishga aytdi-yu, yigit bexos tarsaki tortib yuborarmikin, deb kutdi. Yigit hatto qarab ham qo‘ymadi. «Ha... o‘zim jinniman... Bulardan o‘chimni olgunimcha jinni bo‘laman, shekilli...»
Mashina ko‘chasiga burilgach, «Demak, o‘ldirish haqida buyruq olmabdi», deb o‘yladi. Yashirin qitmir ovoz esa «uyingda o‘ldirib ketsa-chi? Xuddi Noilangga o‘xshab...» dedi. Mashina darvozasi ro‘parasida to‘xtadi. Yigit «tushing» ham demadi, «keldik» ham demadi. Elchinning qitmirligi tutib o‘tiraverdi. Keyin: «Bu bola bilan pachakilashganimdan nima foyda?» deb o‘ylab, mashinadan tushdi. U eshikni yopishga ham ulgurmay mashina xuddi poygaga shoshilganday shasht bilan qo‘zg‘oldi.
Elchin darvozaga yaqinlashib, kalit soladigan yerga qistirilgan qog‘ozni ko‘rdi. «Shumtakalarning qilig‘i», deb o‘ylab, qog‘ozni oldi. Qog‘oz hafsala bilan naycha kabi o‘ralganidan fahmladiki, bu bolalar ishi emas. Qog‘ozni ochib, chap tomonga qiyshaytiribroq yozilgan harflarni tanib, jilmayib qo‘ydi.
«Akobiru otarchi, al hofizu habibul Asadbek!
«Al muridu yatlubu val murdu yahrabu». Ya’nikim, xohlovchi qidiradi, murod esa qochadi, deganlaridek, kamina poyi qadamingiz yetgan tufroqni ko‘zga surtgali kelib, muborak ostonangizni ko‘z yoshlarim bilan sug‘orgumdir, toki bul tufroqda mehr chechaklari ung‘ay.
B a y t:
Ko‘payishib qolganmish to‘ylaringiz,
Pulga to‘lib qolgandir cho‘ntagingiz.
Begingizdan izn tekkan mahallarda,
Biz ham ko‘rib qolaylik bo‘ylaringiz.
Adoyi Anvaringiz».