75-bob
O'lik yaqinlarining yig'isi tufayli azoblanishi haqida
Faqih aytadilar: Odamlar o'lik yaqinlarining yig'isi tufayli azoblanishi haqida bahs qilishdi. Ba'zilar, azoblanadi deb, quyidagi hadisning zohir ma'nosini dalil qilishdi. Ibn Umar va Ibn Abbosdan (roziyallohu anhumo) rivoyat qilinadi: Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Mayyit yaqinlarining yig'isi tufayli azoblanadi", dedilar. Ahli ilmning ko'pchiligi esa, mayyit yaqinlarining yig'lashidan azoblanmaydi, chunki Alloh taolo:
"(Qiyomat kunida) hech bir ko'targuvchi (ya'ni, gunohkor jon) o'zga jonning yukini (ya'ni, gunohini) ko'tarmas" (Fotir, 18), deb marhamat qilgan, deyishadi.
Qosim ibn Muhammad aytadilarki: "Oishadan (roziyallohu anho) yuqoridagi hadis haqida so'rashganda: "Sizlar ibn Umar va ibn Abbosdan hadis rivoyat qilyapsizlar. Ular yolg'onchi, kazzob emaslar. Lekin eshitishda xato bo'lishi mumkin", deb javob berdilar".
Hadis quyidagi ta'vilga ega: o'sha paytlarda bir inson o'lishidan oldin unga baqirib yig'lashlarini ahliga buyurib ketar edi. Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Mayyit yaqinlarining yig'isi tufayli azoblanadi", dedilar, chunki mayyit gunoh ishni vasiyat qilgandir. Boshqa ta'vili: Bir yahudiyning qabri ustida qarindoshlari yig'lab turganlarida, Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) o'tib qoldilar va: "Ular mayyitga yig'lashyapti, u esa qabrida azoblanmoqda", dedilar. Roviy yig'ilari sababli azoblanyapti, deb o'ylagan. Bu hadis Urva Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qilgan hadisga o'xshaydi. Ibn Umarning hadisini aytishganda, Oisha (roziyallohu anho): "Abu Abdurrahmon unutib qoldirgan, aslida, "Mayyitning qarindoshlari uning uchun yig'lashadi, mayyit esa, gunohlari tufayli azoblanadi", bo'lgan", deganlar.