84-bob
Yaxshilikka buyurish haqida
Faqih Abu Lays (Alloh rahmat qilsin) aytadilar:
Yaxshilikka buyurish (amri ma'ruf) vojib, chunki Alloh taolo: "Olim va donishmandlari ularni gunoh so'zlardan, haromxo'rlikdan qaytarmaydilarmi?! Qilayotgan hunarlari naqadar yomon hunar" (Moida, 63), deb xabar bergan.
Darhaqiqat, Alloh ularni amri ma'rufni tark qilganlari sabab mazammat qildi. Alloh azza va jalla yana:
"(Ey ummati Muhammad), odamlar uchun chiqarilgan millatlarning eng yaxshisi bo'ldingiz. Zero siz yaxshi amallarga buyurasizlar, yomon amallardan qaytarasizlar va Allohga iymon keltirasizlar" (Oli Imron, 110), dedi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Albatta, sizlar yaxshilikka buyurasizlar, yomon ishdan qaytarasizlar yoki Alloh sizlarning tepangizga yomonlarni sulton qilib qo'yadi, so'ng yaxshilaringiz duo qilsa ham, ijobat bo'lmaydi", dedilar. Yaxshilikka buyurishning bir necha usluli bor. Agar amri ma'ruf qilganida, insonlar undan qabul etib, yomon ishlardan tiyilib qaytishini bilsa, bu ish unga vojibdir. Agar chuqur fikr qilib bilsaki, agar amri ma'ruf qiladigan bo'lsa, odamlar qabul etishmaydi, balki uni urib-so'kishadi. Bunday holda tark qilishi afzaldir. Shuningdek, agar insonlar uni urib-so'kishini bunga sabr qila olmay, o'rtalarida adovat va urush- janjal kelib chiqishini bilsa, bunda ham amri ma'rufni tark qilishi afzaldir. Mabodo, insonlarning aziyatlariga sabr qiladigan bo'lsa va ular birortaga shikoyat qilmasliklarini bilsa, uning nahiy munkar qilishida zarar yo'qdir va u bu ishi bilan mujohidlar kabi bo'ladi, zero, payg'ambarlarning ishlari ham shunday edi. Agar insonlar undan qabul qilmasligini bilsa va ularning urib-so'kishidan qo'rqmasa, u bu holda ixtiyorlidir. Xohlasa, amri ma'ruf qiladi, xohlasa, bu ishni tark etadi. Lekin amri ma'ruf qilgani afzaldir.