— Bizni bu dunyoga bog‘lab qo‘ygan emas, hazrati Xizr bovajonim! Bir kunmas-bir kun tanamiz soviydi. Shunda, kim bizning isi chirog‘imizni qiladi? Kim otamlab yig‘laydi? Kim enamlab yig‘laydi? Birov, hech bo‘lmasa birovgina otamlab yig‘lasa ekan, birovgina enamlab yig‘lasa ekan, hazrati Xizr bovajonim!
— Boriga shukur qil.
— Izidan o‘g‘il qoldirib, otasi uchun motam tuttirmagan erkak, erkak bo‘ptimi! Orqasidan qiz qoldirib, enasi uchun qora kiydirib, aza ochdirma-gan ayol, ayol bo‘ptimi! Dunyoga keldim deb yurmasinlar. Hazrati Xizr bovajonim! Ko‘pga bergan tirnoqni bizdan-da darig‘ tutmang! Menga rahmingiz kelmasada, enasiga rahmingiz kelsin, Hazrati Xizr bovajonim! Poshikasta kuyib-kuyib, adoyi tamom bo‘ldi, o‘lik bo‘lib go‘rda yo‘q, tirik bo‘lib to‘rda yo‘q, hazrati Xizr bovajonim!..
— Men senga farzand berganman...
— Berganingiz yo‘q, hazrati Xizr bovajonim, berganingiz yo‘q! Siz meni birov bilan adashtiryapsiz, hazrati Xizr bovajonim! Usta Qulmatga kelbat beraman, o‘sha deyayotgandirsiz-da? Chin, usta Qulmatda farzand bor, oltita! Menda bo‘lsa, birovda yo‘q, hazrati Xizr bovajonim!..
— Qanday otasanki, o‘z farzandingni bilmaysan? Hali ko‘p-ko‘p farzand beraman.
— A? Ko‘p-ko‘p farzand beraman dedingizmi? Qachon-qachon? Qulluq, hazrati Xizr bovajonim, qulluq! Qani edi, ko‘p-ko‘p bo‘lsa! O‘nta bo‘lsa o‘rni boshqa, qirqta bo‘lsa qilig‘i, hazrati Xizr bovajonim!..
Hazrati Xizr bobo ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar.