CXXII
Hikoyat
Shoh Ibrohim ibn Adham (balxlik shohlikdan voz kehcgan shayx, 777-y.v.e.) degan kishi bor edi. Uning ishi bu yo'lda taslim bo'lishdan iborat edi. U haq yo'lida din murshidi bo'lib, sadoqatli oshiq va pokiza inson edi. Bu yo'lda u mulki, taxti va mamlakatini tikib, boshidagi tojini tark etdi. Yuz ming iltijo bilan egniga janda kiydi.
Halol oshiq bo'lgan bu rind safarga chiqdi. Balxdan Nishopur tomon yo'l olib, u yerni vayron, bu yerni obod ayladi. Bu gavhar o'sha konda maqom tutib, yetti yil bir tog'ni o'ziga makon etdi. Bu yerda u kunduz kunlari ro'za tutar va shomdan to azongacha ibodat qilardi. Kunduzlari vodiydagi o'tin va xaslarni bir quchoq qilib bog'lar edi. Ularni yelkalab, bozorga olib borib sotar va tushgan pulga shom uchun iftorlik olar edi. Shu tarzda ko'p riyozat chekish oqibatida, jismi qiltiriqday bir holga kelgan edi.
Kunlardan bir kun u o'tin orqalab, azob-uqubat chek-kancha shaharga borayotgan paytda bir guruh ruhoniylar uning sulukda nimaga erishganini imtihon qilish uchun yo'lini to'sdilar. Ulardan biri uni bir musht urdi. Shunda faqirlik va yo'qlik yo'liga kirgan ularga shunday dedi:
— Siz istagan narsa Balxdan bu yoqqa yo’l tutganrngda o'sha tomonda qolib ketdi!
Imtihon qiluvchilar: "Hali u yetilmagan ekan, bu o'tin ostida hanuz xom ekan. Chunki Balx hali ham uning yodidan chiqmabdi. U yana bir necha yil shunday mashaqqat chekishi zarur, shoyad mulki yodi uning xayolidan ko'tarilgay",— deyishdi.
Oradan bir yil o'tdi. Yana o'sha ikki-uch kishi uni sinamoqchi bo'lib, yo'Ida ketayotgan holda uchratdi. Ular imtihon shartini bajo keltirib, unga bir musht tushirdilar. Ammo bu safar sultondan hech bir sado chiqmadi.
Bu holni ko'rgan imtihon qiluvchilar uning dodiga yetib "U endi o'z maqsadiga erishibdi, endi o'z mazhabida kamolga yetibdi", dedilar. Shukrlar izhor qilib, o'zlarini sultonga tanishtirdilar. Keyin ular bir-birlariga hamdamu hamkor bo'lib, Ka'bani ziyorat qilishga jo'nadilar. Shundan so'ng shohga chin shohlik yetishdi, yo'lovchilar ham bundan ogoh bo'ldilar. Uning ko'nglida g'ayr (boshqa) yodi mavjud bo'lganda, ilohiy sirlarni bilishga parda tortilardi. G'ayr yodi ko'nglidan batamom yo'qolgach, parda ko'tarildi, u uyning to'riga yo'l topdi. Kimki, ana shu xil yo'qlikka erishsa, ey yengil-yelpi havas egasi, bilgilki, uni chin oshiq deb ataydilar!