* * *
Buhayra kutilmagan mehmonlarni bu uch maslakdoshni ibodatxonaga taklif etdi. Har biri bilan alohida-alohida salomlashib chiqdi. Oldilariga dasturxon soldi. Qorinlari to‘ygach, Zubayr:
— Sen bilan bir yashirin ish haqida maslahatlashishga keldik, ey Buhayra, — dedi.
— Juda yaxshi, maslahatlashamiz.
— Yaxshisi, chiqib, hech kim eshitmaydigan joyda gaplashsak.
Ibodatxonadan chiqdilar, bir daraxtning soyasiga o‘tirdilar.
— Bu yerda gaplashilgan gaplarni faqat shu daraxtlar eshitishi mumkin, xolos. Ularning ham sir saqlashlariga shubha yo‘q, — dedi Buhayra.
Zubayr gap boshladi:
— Bir necha kun oldin Busraga Hijoz tomonlardan karvon keldi... — deya voqeani so‘zlab berdi va so‘zlarini shunday davom ettirdi: — Endi sening fikringni bilsak, devdik, ey Buhayra, qani, aytginchi, bu karvon va g‘aroyib bolani ko‘rdingmi?
— Ko‘rdim va gaplashdim.
— Xo‘sh, nimalarni gaplashding? Buhayra o‘tirgan joylariga ishora qildi:
— Xuddi mana shu yerda to‘xtadilar. Uzoqdan kelayotganlaridayoq tepalarida bulut kabi bir narsaning harakat qilayotganini ko‘rib, karvonga qiziqib qoldim...
Buhayra bo‘lgan voqeani tafsilotlari bilan so‘zlab bergach, so‘radi:
— Demak, u karvon Busrani tark etdi, shundaymi?
— Ha, bizdan oldin bu yerdan o‘tgan bo‘lishlari kerak.
Buhayra qo‘llarini tizzasiga urdi:
— Attang, zo‘r fursatni boy beribman, — dedi.
Tammom:
—Mana, biz ana shunday fursatni boy bermaslik uchun shoshmoqdamiz.
— Tushunmadim.
— O’sha bolani o‘ldiramiz. Buhayra titrab ketdi:
— Qilolmaysiz bu ishni! Qilishingiz kerak ham emas!!!
— Nega?
— Agar bu bola rostdan xam o‘sha bo‘lsa — darvoqe, men bunga yuz foiz kafilman — bu ishga kuchingiz yetmaydi. Chunki buyuk Olloh uni panohida asraydi. Sizlarning shum niyatingiz amalga oshishiga aslo yo‘l qo‘ymaydi. Bekorga juvonmarg bo‘lib ketasizlar, ammo unga zarar yetkaza olmaysizlar. Butun dunyo odamlari birlashsa ham, uning payg‘ambar bo‘lishiga va yuksaklardan berilgan vazifani ado etishiga to‘sqinlik qilolmaydi. Ammo bu bola bo‘lajak payg‘ambar bo‘lmasa, u holda bir ma’sumning uvoliga qolasizlar. Menga desa, sizlar bu shum niyatingizni shu yerda qoldiringlarda, orqaga, yurtlaringizga qaytinglar.
Buhayra to‘g‘ri gapni aytgan edi. Kitoblarda yozilgan ma’lumotlar azaliy taqdirdan bahs etardi. Bu taqdirni o‘zgartirish, unga to‘sqinlik qilish hech kimsaning ko‘lidan kelmas. To‘sqinlik qilishga uringanlarning holiga voy, faqat Ollohning hukmi bajo bo‘lar, Ollohning irodasi doim ustun, doim g‘olib kelar edi.
Zubayr e’tirof etdi:
— Ishning bu tomonini biz o‘ylamagan ekanmiz, ey Buhayra, bizni to‘g‘ri yo‘lga solding, — dedi.
Shundan keyin xayrlashdilar va Busraga qaytdilar. Abu Tolib va karvon ahli bu mojarodan bexabar edilar.