Ana shunaqa, kishi shoshqaloq bo‘lmasa, chin sarkarda qolib, soyasiga ergashadimi?! Biz ham To‘ram qolib, u kishining soyai chehradoshlariga ergashib, dorilomon bir diyor qurmoqchi bo‘libmiz. Yog‘iylarimizni surib tashlab, yetim qolgan saltanatni tiklamoqchi bo‘libmiz.
Niyat ulug‘ bo‘lsa-da, bunday soxtakorlik ketidan nusrat kelmasligini anglab yetmabmiz. Urush hiyladir, degan gaplarga uchibmiz-u, yog‘iy qolib, o‘zimizni aldab qo‘yibmiz! Balki To‘ram rozi bo‘lmasalar, bizning qaerimiz kam u kishidan, deb o‘ylagandirmiz? O‘zimizga bino qo‘yib yuborgandirmiz?..
Allohga suyangulik iymonimiz qanday — o‘ylab ko‘rmabmiz ham, Chaman. Ana endi mag‘lubiyat alamini totib, mushkul bir ahvolda jang maydonidan to‘zib-chekinib, qo‘l yetmas tog‘larga bosh olib ketarkanmiz, yonimizda sen kamlik qilib turibsan, Chaman. Sening yo‘qliging — xabar berib ham chaqirtirib ololmasligimiz — shunday bilinyaptiki...
Uzr, oshna, sendan bemaslahat shunday ishlar bo‘lib ketdi. Bu ishni sendan sir tutishni maslahat berganlar endi betimga qaray olmayotirlar. Men ularni ham ayblay olmayman. Bu balki taqdir yozug‘i — peshonamizda boridirki, mag‘lubiyat alamini totib, boshni asramoq uchun ham bu dovon yo‘liga tushgandirmiz. Qiyomatli oshnam, sendan gina yo‘q. Jindek xabar topsang, yolini kuydirsang dunyoning narigi chekkasidan yetib kelguvchi Asror devdek, yetib kelarding-a, o‘sha xabarsiz qolgansan. Xabar bermagan — biz o‘zimiz aybdor. Bir xato — shunchalar qimmatga tushdi. Lashkar to‘zigandan to‘zib, kim yitdi, kim qoldi — bilmasmiz. Omon qolganlar bir-birimizni qora tortib, yolg‘izoyoq so‘qmoqlardan Muztoqqa panoh tortib bormoqdamiz. Taqdirning hazilimi, nima bu, bir vaqt omon qolganlarga nazar solsak, hov o‘sha sarhad oshgan sakkiz birodar — kim sog‘, kim — bir-birini ortmoqlab, janggohdan tirik chiqibmiz. Oh, Chaman, bundan — bu qaro ko‘rgilikdan, jang maydonida so‘nggi qatra qonimiz qolguncha savashib, loshimiz o‘sha harb maydonida qolgani avlo edi! Jilla qursa, shahidlar qatorida ketardik!
Endi-chi, kimmiz?
Toza niyatlarni boy bergan, lashkarni halokatga yetaklagan kaltabinlar biz emasmi?
Uzr, qo‘lim muz qotib, xatlarim xunuk, so‘zlarim qovushimsiz chiqayotgan bo‘lsa. Orqadagilarning yetib olishlarini kuta turib, tizzamda bitayotirman uni. Bu yer shunchalar sovuq, izg‘irinki, qog‘oz namlab, uni yozib ulgirish mahol. Siyohqalam yetguncha qog‘oz yuzidagi nam yaxlab ulguryapti, yuqorida nima qilarkanmiz bu sovuqda? Xudo to‘zim bersin ishqilib...