3. Biz kimmiz, Chaman, na shahid o‘lmagan,
na g‘oziy bo‘lmagan?
(Yoxud qo‘tos suyaklari qolgan joyning qibla tarafidan topilgan xat)
«Havo aynib, qor aralash yomg‘ir shivalashga, yuqoridan muz nafasi ura boshlashga tushgan bir pallada... qaraki, Alloh bizni yorlaqadi. Yeguliklar tugab, silla quriy boshlagan kezda Xudo tog‘dek rizq yetkazdi. To‘pidan ajragan bir oqsoq qo‘tos uchradiki, «hay-hay»lashib quvib-chalg‘itib, oyoqlarini arqonga matab, yiqitib oldik. Keyin terisini shilib, bir olam go‘sht g‘amlabmiz. Hayhotdek suyaklarigina qoldi yirtqichlarga rizq bo‘lib...
Shunisiga ham shukr, Alloh hadeb olavermaydi ekan, beradi ham ekan! Oldinda osmon ila bo‘ylashgan muzli tog‘lar, qorli dovon turar edi, holimizni ko‘rib, o‘zi marhamat etdi. Ko‘rgan sari, qaragan sari et junjikib, vahm bosadi: qanday oshib o‘tgaymiz ekan deb bu muz tog‘dan? Yutaman derdi bu muz, sovuq...
Mador bo‘lsin deb o‘tda jindek go‘sht qovurishyapti. Hididan bosh aylanib, ichaklar achishyapti, shunday ochqabmiz ekan!
Men esa, shu holimga senga yo‘lakay xat bityapman, Chaman. Ayt, endi biz kimmiz? Na shahid ketdik, na g‘oziy bo‘ldik? Endi qay diyorga ham bosh olib borgaymiz?! Nusrat nega bizdan yuz o‘giryapti? Necha yuz yillarki, mo‘minlarning ishi shunday orqaga ketib, qo‘li past tushib bormoqda? Hikmati nima — hech o‘ylab ko‘rganmisan, Chaman? Nimani unutganmiz? Hatto To‘ramdek zot ham chin nusratni qo‘lda tutib qola olmadilar? Nega? Xatolik qaerda?.. Amalimizdami, niyatimizdami? Yo iymonimiz sustmi, nimada? Nega zabunmiz, mazlummiz, ishi orqaga ketgan millatlardan bo‘lib qolmoqdamiz? Bu qoloqlik nimadan, mutaassibligimizdanmi va yo boshqa sababdan? Har narsaga aqling yetguvchi, ammo ichingga yutib, chivinga ham sir oldirmovchi sen bilmasang, kim bilgay? Sulaymon qori akadan so‘raganimcha yo‘q, mavridi ham kelmadi. Ammo dardi-dunyomni zimiston etib yotgan bu savollardan qani forig‘ bo‘lolsam?! Qani bir dardkash topolsam!..
Hatto Zakiy Validiydek bir zot, Anvar poshoyu Madaminbeklar boshini qovushtirolmagan, nusrat yo‘liga olib chiqa olmagan bu xalqni endi hech kim uyg‘ota olmagaymi?
Taraqqiyotdan ortda qoluvimizga... kemalar chiqib, dengiz yo‘llari ochilib, musulmon olami katta karvon yo‘llaridan chetda mung‘ayib qolganigina sababmi? Taraqqiyotga ishtiyoq, ilmga tashnalik-chi, jur’at-chi, bir din — bir millat tuyg‘usi-chi, ittifoqlik-chi? Alloh buyurganidek, jilla qursa, rozi bo‘ladiganidek darajadami?