Ammo bu joylar qachon kimga buyuribdi? Ilgari shu yurt uchun, uning mustaqilligi uchun bosh tikib chiqqan yigitlarni qirgan, vatandan quvib chiqargan allaqanday generallaru polkovniklar huzurini ko‘rib, davru davron surgani joy qilmab edilarmi, endi Olim akamga buyuradi ekanmi? U ham shular uchun yurtma-yurt kezmaganida, allaqancha xizmatlar qilib, xorij moshinlarini minib qaytmaganida bu joyni qo‘lga kirita olarmidi? Qolaversa, osongina berib qo‘yisharmidi? Xizmati borki, indasha olmagan, tillarini tishlab qolavurishgan. Ana endi bu esa, saruq-suruq xotiniyu bolalaridan qutulib olib, kim bilan davron surmoqchi?! Uyalmagani buning?! Yana kishibilmas hovli to‘ylari o‘tkazib yuribdi. Butun xolalaru tog‘alarimni bosh-oyoq sarupo-surupolar bilan siylab, og‘zilarini moylab, qaysi niyatiga erishmoqchi? Kishi ko‘ziga so‘qqabosh yetim, xokisorgina bir insondir. Lekin asli kim?.. Hech kimga el bo‘lmas o‘sha sho‘rtumshuq bugun kim bo‘lganini, qo‘li qaergacha yetishini ko‘rsatmoqchimi?! Mayli, ko‘rsatsin, lekin bunday emas-da! Nomardlik hisobigamas-da!
Belingda kuching, qo‘lingda quvvating borida qay yurtlarni kezib yurib eding?! Endi sochingga oq oralab, belingdan mador ketganida qavming kerak bo‘lib qoldimi? Ularga oqibat ko‘rsatib, ehsonlar qilib, duolarini olging kelib qoldimi?.. Men uni yurt sog‘inchida kelgan, otasining vasiyatlariga ko‘ra bir boshpana, bir vatan tikib, chiroqlarini yoqib o‘tirgani kelibdi, deb yuribman. Har xil begona yurt, begona ko‘chalarda tentiray-tentiray axiyri ko‘zi ochilibdi, o‘zinikilarni, o‘z urf-odati, dini-diyonatini sog‘inib, fitrati ochilib qaytibdi, deb yuribman. Bu esa, mana, nima niyatda ekan! Sultonmurod akam— o‘z akasi umrbod bu diyorlarga qadam bosolmasligini, bossa nima bo‘lishini biladi-da! Qolaversa, qaytib ko‘rsaki, oyday juvon yolg‘iz yodgori bilan toq o‘tyapti. Mashinani sotiboq shu joylarga harakat qilgan ekan-da?!