Nahotki Akbar ham Andijon-u Samarqandlarni ko‘rmay o‘tib ketsa? Uning Hindistonda qilgan nek ishlarini Movarounnahrdan kelgan xayrixoh odamlar ko‘rganda, «qani shu obodonchilig-u islohotlar bizda ham amalga oshirilsa!» deb armon qilishadi. Buxo¬roda hali ham qul bozorlari gavjum ekanini, dashtiy sultonlar musulmon eronliklarni «rofiziy, shia» deb, bo‘ynidan bog‘lab, hatto burnini teshib chilvir o‘tkazib, qul bozoriga haydab kelib sotishlarini kuyinib aytib beradilar. Shayboniyzodalar davlatida juda e’tiborli bo‘lgan Qo‘shquloqbiy, Bulduriqbiy, Cho‘ltanbi, Bo‘zaxo‘r Sulton degan beklar Samar-qand-u Toshkentday qadimiy madaniyat markazlariga xo‘jayin bo‘lib olib, ilm-u ma’rifatni oyoqosti qilayot¬ganlari Akbarga ham og‘ir bir ko‘rgilikday tuyuladi. «Movarounnahrni bu dashtiy johillardan qutqaring!» deb keluvchilarga, «hali fursat yetilgan emas, sabr qilmoq kerak», deb javob beradi.
Lekin sabr qila-qila Akbar ham ellikdan oshdi. Nahotki Samarqanddagi Amir Temur maqbarasini, Shohizindani, Farg‘ona bog‘larini, Toshketning Bo‘z¬¬su¬vini biror marta borib ko‘rish unga nasib qilmagan bo‘lsa?
Bu savol negadir hozir Kashmirdagi mirzateraklar va chinorzorlarni ko‘rgan paytda yurakni ezuvchi bir mung bilan ko‘ngildan o‘tmoqda edi. Shu topda u Movarounnahrga bemalol borib kelayotgan elchilar va savdo karvonlarini havas bilan eslar edi. Bobur davrida boshlangan aloqalar hanuzgacha uzilgani yo‘q, yigirma yil davomida Abdullaxondan Akbar saroyiga uch marta elchilar kelib ketdi. Akbar ham Buxoroga uch qayta elchilar yubordi, Abdullaxonning sovg‘alariga yarasha qimmatbaho in’omlar jo‘natdi.
Bundan maqsad faqat murosa qilish emas, balki bir-birlarining ahvolidan yaxshiroq xabardor bo‘lish va qulay payt kelganda yonboshga olib, yerga ko‘tarib urish ham edi. Savdo karvonlari bilan Movaroun¬nahrga har yili borib kelayotgan xufiyalar yangi-yangi gaplar topib kelishmoqda. Akbarning Hindis¬tonda diniy to‘ntarish yasagani Buxorodagi jo‘ybar shayxla¬rining sochini tikka qilib yuboribdi. Ular Akbarni shialardan ham battar kofir deb e’lon qilishib, uning nomini tilga oldirmay qo‘yishibdi, Abdullaxonni esa musulmon olamining imoni pok, islomga sodiq tojdori deb ulug‘lashibdi.
Xo‘ja Islom nomli din peshvosi eng mutaasib shayxlarni Buxoroga yig‘ib, ularning nomidan Akbar¬ga qarshi g‘azabli fatvolar chiqarayotgan bo‘lsalar ham, Abdullaxon hanuzgacha Hindiston bilan aloqani uzgan emas. U hamon Akbarga elchilar yuborib, maktublar yozib turibdi. Chunki agar xon Akbar bilan aloqani uzsa, bundan Eron podshosi shoh Abbos foydalanadi. Akbar davlatining qudrati ma’lum, agar uni Eron o‘z tomoniga og‘dirib olsa, Abdullaxon ikkita zo‘r raqib qarshisida yakkalanib qoladi. Abdullaxon Akbar olib borayotgan yangicha siyosatni qanchalik yomon ko‘rmasin, uning elchilarini zo‘r tantana bilan qabul qildi. Akbar Buxorodagi jo‘ybar shayxlarining tahdidli fatvolari ustidan kulgan kabi, o‘zining eng yaqin maslakdoshlarini — Hakim Humom va Sadri Jahonlarni Abdullaxon saroyiga elchi qilib yubordi. Qani xon yangi imon-u e’tiqod vakillariga biron yomonlik qilib ko‘rsin-chi! Yoki jo‘ybar shayxlari ularni «kofir» deb toshbo‘ron qildirsin-chi! Yo‘q, ular Akbarning besh-olti yildan beri butun kuchlarini shimoliy viloyatflarga yig‘ayotganidan xabardor. Hozir yoshi oltmishdan oshib, ancha kasalmand bo‘lib qolgan Abdullaxon Akbarning yengilmas sarkarda deb shuhrat qozongani bejiz emasligini biladi va u bilan urushishga yuragi betlamaydi. Shuning uchun Abdul¬laxon o‘zining mafkuraviy dushmanlari bo‘lgan Akbar elchilariga katta ziyofatlar berdi, safarlarga birga olib chiqdi, zarbof to‘nlar va chopqir otlar in’om qilib, izzat-ikrom bilan jo‘natdi.