— Biz bo‘lsak, ertayu kech sergo‘sht taomlar, qaziyu kaboblar yeyurmiz, — dedi Bobur Xo‘ja Kalonga qarab.— Yana bu yetmagandek, olovli maylar ichurmiz.
Xo‘ja Kalon ot ustida oftobning tig‘ida turib shunday terlagan ediki, yuzi va peshonasidan sirqigan ter tomchilari mosh-guruch soqolidan oqib ko‘kragiga tommoqda edi.
Boburning o‘zi ham har nafas olganda ichiga havo emas, olov kirayotganday bo‘lardi. U me’mor bilan gapini tugatgach, otini daryodagi kemalar tomonga burdi-yu, yeldirib ketdi.
Otlar tez yurganda qarshidan shabada esganday bo‘lar va nafas olish yengillashar edi. Shuning uchun Boburning ketidan boshqalar ham otlarini tez hayday boshladilar. Shu tarzda daryo sohiliga yaqinlashar ekanlar, Xo‘ja Kalonning navkari mingan badaxshoniy qora ot surinib yiqilib tushdi. Badaxshonlik navkar oyog‘ini otning tagidan tortib oldi-da, yuganni silkitib, otini turg‘izmoqchi bo‘ldi. Og‘zidan qon aralash ko‘pik kelayotgan ot bir-ikki talpinib ko‘rdi, lekin o‘rnidan turolmadi.
— Buni ham oftob urdi! — dedi Xo‘ja Kalon alam bilan. — Koshki bu mamlakatda ot topish oson bo‘lsa!
— Janobi bek, bir ot uchun muncha iztirob chekmang, men buyuray, navkarlaringiz bizning taviladan bir ot olsin, — dedi Bobur.
— G‘oyat minnatdormen, hazratim! — dedi Xo‘ja Kalonbek. — Lekin gap faqat otda emas. Men bu o‘limda o‘z istiqbolimni ko‘rib iztirob chekmoqdamen!
Bobur otdan tushdi-yu, daryoda langar tashlab turgan «Osoyish» nomli ikki oshiyonlik muhtasham kemani Xo‘ja Kalonbekka ko‘rsatib hazillashdi:
— Hozir sizga mana bu istiqbol muntazir! Yuring!
______________
* A sh o r a — javzo oyiga to‘g‘ri keladi. Hindistonda yoz fasli bahorda hut oyidan boshlanib, to‘rt oy davom etadi. Keyin «Pashkol» deb ataladigan yomg‘irlar fasli boshlanib, bu fasl mezon oyigacha davom etadi.
* B o d i s a m u m — eng issiq garmsel shamol.
* V o y i n — katta hovuz.
* Ya ’ n i Sharafiddin Ali Yazdiy.
* B i r p a x r a — to‘rt soat.